O‘zbekiston | 11:25 / 31.01.2024
6776
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurash reytingidagi o‘rnini 5 pog‘onaga yaxshiladi

O‘zbekiston Transparency International'ning Korrupsiyani sezish indeksida 5 pog‘ona yuqorilab, 180 ta davlat orasida 121-o‘rinda qayd etildi.

Foto: Kun.uz

Tahlilchilar 2023 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi kurashish darajasini 100 balldan 33 ballga baholagan. Bu – bir yil oldingiga qaraganda 2 ballga yuqoriroq.

Avvalgi yillarda O‘zbekistonning o‘rni:

  • 2022 yilda 126-o‘rin;
  • 2021 yilda 140-o‘rin;
  • 2020 yilda 146-o‘rin;
  • 2019 yilda 153-o‘rin;
  • 2018 yilda 158-o‘rin.

Korrupsiyani sezish indeksi 1995 yildan buyon e’lon qilib kelinadi. Bu – davlat tizimida korrupsiyaning qabul qilinish darajasini aks ettiruvchi hamda ekspertlar va ishbilarmonlar so‘rovi asosida shakllanuvchi 13 ta manbadan tashkil topgan har yillik indeks hisoblanadi. Mezonga ko‘ra, 0 ball – korrupsiyani qabul qilishda eng yuqori ko‘rsatkich, 100 ball – eng past shkala hisoblanadi.

2022 yil yakunlari bo‘yicha reytingda korrupsiya darajasi eng past mamlakatlar sifatida quyidagilar ko‘rsatilgan:

1. Daniya – 90 ball;

2. Finlandiya – 87 ball;

3. Yangi Zelandiya – 85 ball;

4. Norvegiya – 84 ball;

5. Tsingapur – 83 ball;

6. Shvetsiya – 82 ball;

6. Shveytsariya – 82 ball;

8. Niderlandiya – 79 ball;

9. Germaniya – 78 ball;

10. Lyuksemburg – 78 ball.

Sobiq SSSR mamlakatlari orasida korrupsiya darajasi eng past davlat – Estoniya (reytingda 12-o‘rin). Litva 34 -, Latviya 36-, Gruziya 49-o‘rinni egallagan. Belarus 98-, Ukraina 104-, Rossiya 141-o‘rinda qayd etilgan.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘istonda 93-, Qirg‘iziston 141-, Tojikiston 162-, Turkmaniston 170-o‘rinda.

Reytingni 11 ball bilan Somali (180-o‘rin) yakunlab bergan. Eng oxirgi o‘rinlarda Venesuela, Suriya, Janubiy Sudan, Yaman, Nikaragua va KXDR.

«Dunyo miqyosidagi o‘rtacha ball 100 dan 43 holatida o‘n yildan ortiqroq vaqtdan beri o‘zgarmay turibdi. Mamlakatlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i 50 dan kamroq ball to‘pladi, bu esa ularda jiddiy korrupsiya muammolari borligini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, 23 ta davlat o‘z tarixidagi eng past ko‘rsatkichlarni qayd etdi», deyiladi sharhda.

Mavzuga oid