Jamiyat | 18:30 / 04.11.2022
14969
3 daqiqa o‘qiladi

"Navoiy kon-metallurgiya kombinati" AJ tranformatsiya sari: II O‘zbekiston iqtisodiy forumi natijalari

Foto: NKMK

3-4 noyabr kunlari Samarqand shahrida Xalqaro darajadagi yetakchi iqtisodchilar va xalqaro ekspertlarni jamlagan II O‘zbekiston iqtisodiy forumida O‘zbekistonning kelgusi besh yillik taraqqiyot strategiyasi, iqtisodiy imkoniyatlari, xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Mazkur Forum doirasida “Tashqi savdo, logistika va sanoat siyosati” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi – Bosh direktori Q.Sanaqulov ishtirok etdi. Unda ishtirokchilar tomonidan mintaqaviy va ko‘p tomonlama savdo tuzilmalariga integratsiya masalalari, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik muammolari va imkoniyatlari hamda kon-metallurgiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama etildi, shu jumladan NKMKda yuz berayotgan transformatsiya jarayonlari haqida gapirib o‘tildi.

Ushbu Forumda ishbilarmon doiralar va xorijiy hamkorlar, xalqaro banklar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatish, o‘zaro muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun jahonda oltin ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalarning beshtaligiga kiradigan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ rahbariyati tomonidan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Jumladan, “Hitachi Construction Machinery”, “ThyssenKrupp”, “Duratray International”, “Liebherr”, “Epiroc”, “Metso-Autotec”, “JPMorgan Chase Bank”, “Standard Chartered”, “Citibank”, “Raiffeisen Bank”, “KFW IPEX-Bank”, “Commerzbank”, “Credit Suisse” va “Barclays” kabi xorijiy kompaniya, banklar vakillari bilan uchrashuvlarda so‘nggi yillarda “NKMK” AJ tomonidan erishilgan natijalar, raqamlashtirish va transformatsiya jarayonlari, sohada amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

II O‘zbekiston iqtisodiy forumi doirasida kombinat rahbariyati Yevrosiyo taraqqiyot banki (YeTB), “JPMorgan Chase Bank”, “Raiffeisen Bank”, “KFW IPEX-Bank” vakillari bilan olib borgan muzokaralari natijasida 450 million AQSh dollari va 200 million yevro miqdorida mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, xorijiy banklardan jalb qilinadigan mablag‘lar “NKMK” AJning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yirik va strategik ahamiyatga ega investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

“NKMK” AJ Matbuot xizmatiⓉ

Mavzuga oid