O‘zbekiston | 18:28
4055
3 daqiqa o‘qiladi

NKMK 2025 yilda 98 tonna oltin ishlab chiqardi

Ishlab chiqarishning fizik hajmi 2 foizga, qiymat jihatdan esa 44 foizga ko‘paygan. Yil yakunida NKMK bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Antonov lavozimini tark etdi – u bilan mehnat shartnomasi muddati uzaytirilmadi.

Foto: Reuters

Oltin ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha dunyoning to‘rtinchi eng yirik kompaniyasi – Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2025 yilgi asosiy natijalarini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, kompaniya o‘tgan yili 3 mln 156,6 ming troy unsiya (98,2 tonna) oltin ishlab chiqargan. Bu – 2024 yildagi ko‘rsatkich (3 mln 91,1 ming)dan 2,1 foizga ko‘p.

Oltin narxi qimmatlashuvi fonida, 2025 yilda NKMK ishlab chiqargan mahsulot qiymati 135,6 trln so‘mga yetgan (taxminan 11 mlrd dollardan ortiq) – bu 2024 yil ko‘rsatkichi (93,9 trln)dan 44,4 foizga yuqori.

Shuningdek, investitsiya dasturi doirasida 561 mln dollarlik mablag‘ o‘zlashtirilgan bo‘lib, bu – bir yil oldingidan 29 foizga kam.

“Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hisobiga 2 628 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 1,4 trln. so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarildi. Tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi doirasida 7,3 trln. so‘mlik mahsulot xarid qilindi”, – deyiladi rasmiy relizda.

NKMK avvalroq kompaniya boshqaruvida o‘zgarish bo‘lgani haqida xabar bergandi: Yevgeniy Aleksandrovich Antonov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi amal qilish muddati tugagani munosabati bilan, tomonlarning kelishuviga ko‘ra, 2025 yil 31 dekabrdan boshlab bosh direktorning transformatsiya bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, boshqaruv a’zosi lavozimidan ozod etilgan.

2026 yil 1 yanvardan boshlab Jahongir Tolibovich Hasanov bosh direktorning moliya, transformatsiya va xususiylashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, boshqaruv a’zosi lavozimiga tayinlangan. U tayinlovga qadar NKMK bosh direktorining iqtisod va moliya bo‘yicha o‘rinbosari, boshqaruv a’zosi lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, NKMK boshqaruv raisi – bosh direktori lavozimida 2008 yildan buyon Quvondiq Sanaqulov ishlab keladi.

Ma’lumot uchun, kombinat tasarrufida 12 ta kon, 7 ta gidrometallurgiya zavodi va 2 ta uyumdan eritmaga o‘tkazish sexi mavjud.

Dekabr oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2030 yilgacha oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilayotganini ma’lum qilgandi.

  • O‘zbekiston prezidentining 2025 yil aprel oyidagi farmoniga asosan, NKMK 2025 yilning ikkinchi yarmida ham mahalliy, ham xalqaro fond bozorlarida IPO o‘tkazib, jami 10-15 foiz aksiyasini ochiq bozorga chiqarishi belgilangan edi.

Mavzuga oid