Iqtisodiyot | 17:28 / 16.08.2025
5323
3 daqiqa o‘qiladi

NKMK dual listingda 20 mlrd dollarlik kompaniyaga aylanmoqchi

Navoiy kon-metallurgiya kombinati oltin narxlari eng cho‘qqisiga chiqqan joriy yilda IPO o‘tkazib, 10-15 foiz aksiyasini London va Toshkent fond birjalariga joylashi ko‘zda tutilgan. Bloomberg'ning yozishicha, kompaniya dual listing natijasida qarzlarini ham qo‘shganda 20 mlrd dollarlik korxona qiymatiga erishmoqchi. Hamkor banklar sifatida Citi, Morgan Stanley va JPMorgan tanlangan.

Foto: NKMK matbuot xizmati

Oltin qazib olish hajmi bo‘yicha dunyodagi to‘rta eng yirik kompaniyadan biri – Navoiy kon-metallurgiya kombinati joriy yilga belgilangan IPO natijasida 20 mlrd dollarlik korxona qiymatiga erishmoqchi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, Bloomberg xabar tarqatdi.

O‘zbekiston prezidentining shu yil aprel oyidagi farmoniga asosan, NKMK 2025 yilning ikkinchi yarmida dual listing o‘tkazib, jami 10-15 foiz aksiyasini xalqaro va mahalliy bozorlarga chiqarishi belgilangan.

Bu IPO dunyoda oltin narxi tarixiy maksimumlarni yangilagan yilga to‘g‘ri kelmoqda. Aprel oyida narx mutlaq rekord – unsiyasiga 3500 dollargacha ko‘tarilgan edi.

Bloomberg suhbatlashgan ikki manbaga ko‘ra, NKMKdagilar bu yil oltin narxlari 30 foizga oshgani va boshqa oltin ishlab chiqaruvchilarning savdosi keskin ko‘payganidan kelib chiqib, IPO yakunlariga ko‘ra kompaniyaning qiymati qarzlari bilan birga 20 mlrd dollar atrofida bo‘lishini kutmoqda.

Kompaniya London va Toshkent fond birjalaridagi listing uchun hamkorlar sifatida Citigroup Inc, Morgan Stanley va JPMorgan Chase & Co.ni tanlagan. Citi va JPMorgan avvalroq NKMKga London fond birjasiga obligatsiya joylashtirishga yordam bergan.

Ma’lumot uchun, NKMK 2024 yil oktyabr oyida o‘zining ilk yevroobligatsiyalarini chiqarib, ikkita transhda jami 1 mlrd so‘m jalb qilgan. Bunda, 4 yillik qimmatli qog‘ozlar 6,7 foiz, 7 yillik bondlar 6,95 foiz daromadli shartlarda joylangan. 2025 yil mayida yana 500 mln dollarlik bondlar 5 yil muddatga, 6,75 foiz stavkada joylanib, mablag‘ning bir qismi kredit portfelini qulayroq shartlarda optimallashtirishga yo‘naltirilgan.

Avvalroq, Bloomberg mart oyidagi xabarida kombinat listing bo‘yicha maslahatchi sifatida Rothschild & Co. bilan ishlayotganini yozgandi.

2024 yilgi moliyaviy hisobotiga ko‘ra, NKMK 2024 yilda 3,1 mln unsiya oltin ishlab chiqarib, 7,4 mlrd dollar, xususan qariyb 4 mlrd dollar operatsion sof foyda olgan.

Mavzuga oid