Iqtisodiyot | 17:15 / 20.09.2025
3431
3 daqiqa o‘qiladi

NKMK oltindan rekord darajada foyda va daromad ko‘rdi – lekin ishlab chiqarish tannarxi ham oshib boryapti

Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2025 yilning birinchi yarmida 1,52 million troya unsiya otin ishlab chiqardi. Bu davrda kompaniya daromadi 40 foizga, sof foydasi esa 71,8 foizga o‘sdi. Shu bilan birga oltin ishlab chiqarish tannarxi 28 foizga oshdi – bu raqamlar so‘nggi yillarda o‘sib boryapti.

Foto: ngmk.uz

Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2025 yil birinchi yarmidagi moliyaviy hisobotini e’lon qildi.

NKMK birinchi yarim yilda oltin narxi oshishi va sotuv hajmining ko‘payishi tufayli rekord darajadagi daromadga erishdi. Hisobotga ko‘ra, oltin ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilgi 1,52 million troya unsiyadan joriy yilda 1,54 million unsiya oshgan (+1,3 foiz o‘sish).

Jahon bozorida oltin narxlarining rekord darajada qimmatlashi fonida kompaniya daromadi o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga oshgan – NKMK 2025 yilning birinchi yarmida 4,7 mlrd dollar daromad oldi, o‘tgan yilning mos davrida esa bu ko‘rsatkich 3,3 mlrd dollarni tashkil qilgan.  

Bu davrda kompaniyaning sof foydasi 71,8 foizga o‘sib, 1,5 mlrd dollarni tashkil etdi – o‘tgan yilning 6 oyida NKMK 882 million dollar sof foyda olgandi. 

Operatsion foyda 1,7 mlrd dollardan 2,8 mlrd dollarga oshdi, bunda o‘sish 60,3 foizni tashkil qildi. Soliq to‘lovlari qariyb 70 foiz, ya’ni 716 mln dollardan 1,22 mlrd dollargacha o‘sdi.

EBITDA o‘tgan yili 2 million dollar bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 3 million dollarga yetdi va 51,7 foiz o‘sish qayd etildi.  

Shuningdek, konlarni kengaytirish va yangi konlarni qidirish doirasida investitsiyalar hajmi 38,3 foizga oshib, 412 mln dollarni tashkil etdi.

 Oltin ishlab chiqarish tannarxi o‘smoqda

1 unsiya oltin ishlab chiqarish tannarxi (AISC) 1,164 dollarga yetdi – bu xarajatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,3 foizga o‘sdi (2024 yilda 907 dollar/unsiya).

AISC – All-in Sustaining cost, ya’ni barcha xarajatlar: ishlab chiqarish, texnik xizmat, qazib olish va amaliy xarajatlar hisobga olingan holda bitta troya unsiyaga tushgan tannarx.   

NKMK hisobotida tannarx oshishining asosiy sabablari sifatida quyidagilar keltiriladi:

• Oltin narxining oshishi bo‘yicha royaltilar (konlar egalariga to‘lanadigan haq) oshirilishi; 

• Qazib olish hajmi va tog‘-kon massasi ko‘payishi, bu esa operatsion xarajatlar va tashish-logistika kabi xarajatlarni oshiradi. 

Iqtisodchi Otabek Bakirov oltinning shartli ishlab chiqarish tannarxi (AISC) juda tez va doimiy ravishda oshib borayotganiga e’tibor qaratdi. Tannarx 2022 yilda 778 dollar, 2023 yilda 866 dollar, 2024 yil 1-yarmida 907 dollar, 2024 yil yakuni bilan 979 dollar va 2025 yil 1-yarim yilligida 1 164 dollarga yetdi.

“Kompaniya tannarxning qimmatlashishini royalti oshishi bilan izohlagan. Lekin faqat royalti omili tannarxni shishirmayotgani aniq”, - deb yozdi iqtisodchi.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil yakuni bilan oltin ishlab chiqarishning yillik ko‘rsatkichi 118 tonnaga yetkazilishini ma’lum qilgandi.

Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid