Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident Markaziy Osiyoda iqlim muammolarini hal qilish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 aprel kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammitning ochilish marosimida ishtirok etdi.
Tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Armaniston prezidenti Vaagn Xachaturyan, Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze va Ozarboyjon bosh vaziri Ali Asadov hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham qatnashdi.
O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevni sammitning muvaffaqiyatli tashkil etilgani bilan samimiy tabriklab, uning ekologik xavf-xatarlarning o‘zaro bog‘liqligi va ularni birgalikda hal qilish zarurligini o‘zida mujassam etgan «Barqaror kelajak uchun umumiy nigoh» degan bosh g‘oyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Prezident mazkur uchrashuv o‘tgan yili Samarqand iqlim forumida boshlangan muloqotning mantiqiy davomi ekanini ta’kidlab, Markaziy Osiyo davlatlarining ekologik diplomatiyasi tizimli va izchil tus olib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan mamnunligini ta’kidladi.
O‘zbekiston yetakchisi bugungi kunda ekologik muammolarni global iqlim o‘zgarishlaridan ayri holda ko‘rib chiqib bo‘lmasligini qayd etdi.
«Global isish sur’atlarining tezlashishi davom etmoqda, Markaziy Osiyo mintaqasida esa harorat ikki barobar tezroq ko‘tarilmoqda. Mintaqa muzliklarining qariyb uchdan bir qismi yo‘qoldi, yog‘ingarchilik tartibining beqarorligi kuzatilmoqda, suv resurslari tanqisligi ortib bormoqda. Yer maydonlarining 80 million gektari allaqachon degradatsiyaga uchradi», – dedi davlat rahbari.

Global ekologik birdamlik zaiflashayotganidan chuqur xavotir bildirildi. Rivojlanayotgan mamlakatlar iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq moliyalashtirish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalardan o‘z vaqtida va adolatli foydalanish imkoniyati bilan ta’minlanishi muhimligi ta’kidlandi.
Markaziy Osiyo davlatlari atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini mintaqaviy hamkorlikning eng muhim ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tarishga muvaffaq bo‘lgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Buni «yashil» kun tartibini ilgari surish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha bir qator muhim, strategik ahamiyatga ega mintaqaviy dasturlar qabul qilingani ham tasdiqlamoqda.
Davlat rahbari O‘zbekistonda ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
«Yashil makon» loyihasi doirasida qariyb 1 milliard tup daraxt va buta ekildi. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etilib, yangi «yashil belbog‘»lar yaratilmoqda. Bizning tashabbusimiz bilan BMT Bosh Assambleyasining «O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi» rezolyutsiyasi qabul qilindi», – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Bundan tashqari, suvni tejash borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasida yiliga 10 milliard kub metr suv iqtisod qilinmoqda. Mamlakatimizning generatsiya quvvatlarida «yashil» energetika ulushi allaqachon 30 foizga yetdi, 2030 yilning oxiriga borib esa 50 foizdan oshadi.
Parij bitimi bo‘yicha zararli chiqindilarni 35 foizga kamaytirish majburiyati muddatidan oldin bajarilib, 2035 yilgacha ularni ikki barobar qisqartirish bo‘yicha yangi marra belgilandi.
Chiqindilardan energiya ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda. Joriy yilda chiqindilarni yoqish bo‘yicha ikkita yangi zavod ishga tushiriladi, yana 9 tasi esa kelgusi ikki yil davomida faoliyatini boshlaydi. Ularning ishga tushirilishi har yili 5,5 million tonna chiqindini utilizatsiya qilish, 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek, chiqindilar hajmini 1 million tonnadan ortiqqa qisqartirish imkonini beradi.
Davlat rahbari o‘z nutqida Markaziy Osiyodagi iqlim va ekologiya muammolarini hal qilish bo‘yicha bir qator aniq tashabbuslarni ilgari surdi.
Atmosfera havosining sifati yomonlashayotgan sharoitda «Markaziy Osiyoning toza havosi» davlatlararo konsorsiumini ta’sis etish taklifi bildirildi. Konsorsium sanoatni modernizatsiya qilib, havoga chiqarilayotgan zararli moddalar uchun tozalash tizimlarini joriy etadigan «yashil» moliyalashtirishning qo‘shma operatoriga aylanishi mumkin.
Prezident Toshkentdagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Cho‘llanishga qarshi kurashish, qurg‘oqchilikning oldini olish hamda qum va chang bo‘ronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berish muhimligini ta’kidladi. Markaz bazasida ilmiy salohiyatni birlashtirish yerlarning degradatsiyasi hamda tuz va changli bo‘ronlarni monitoring qilish bo‘yicha kuchli tizimni yaratish imkonini berishi ta’kidlandi.
Texnologik o‘tish jarayonlarini tezlashtirish uchun imtiyozli bojxona tartiblari va ekomahsulotlar uchun sertifikatlarni o‘zaro tan olishni nazarda tutuvchi «Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi»ni shakllantirish tashabbusi ilgari surildi.
Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratish dolzarb masala ekanligi qayd etildi. Bu mintaqani rivojlantirish bo‘yicha yaxlit strategiya bilan harakat qilish imkonini yaratib, sheriklarda uni amalga oshirishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi.
Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi o‘zgarishlarning yagona mintaqaviy atlasi yaratilishi mintaqadagi cho‘llanish, tuproq degradatsiyasi jarayonlari va suv resurslari holati dinamikasini yaqqol ifoda etadigan fundamental ilmiy-tahliliy bazaga aylanishi mumkin.

Biologik xilma-xillikni saqlash uchun «Markaziy Osiyo Qizil kitobi»ni ishlab chiqish, bu jarayonda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Toshkentdagi mintaqaviy ofisini muvofiqlashtiruvchi sifatida belgilash taklif qilindi.
Yoshlar orasida iqlim kun tartibi va ekologik madaniyatni ilgari surish uchun 2027 yilda O‘zbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini o‘tkazishga tayyorlik bildirildi.

Davlat rahbari so‘zining yakunida tadbir ishtirokchilarini shu yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Global ekologik fondning sakkizinchi assambleyasi va Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumida ishtirok etishga taklif etdi.
Mavzuga oid
22:09 / 22.04.2026
Shavkat Mirziyoyev 2027–2029 yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi prezidenti etib saylandi
20:19 / 22.04.2026
Shavkat Mirziyoyev Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari kengashida ishtirok etdi
17:25 / 22.04.2026
Shavkat Mirziyoyev Ostonada Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasi bilan tanishdi
10:19 / 22.04.2026