Jamiyat | 16:43 / 07.10.2024
13518
7 daqiqa o‘qiladi

Bir maktabga baxshida umr: 60 yildan buyon ishlab kelayotgan payariqlik o‘qituvchi

O‘qituvchilik — sharafli kasb. Ushbu kasbga mehr qo‘yib, uzoq yillardan buyon bitta dargohda sabot bilan ishlab kelayotgan ustozlarimiz ham ko‘p.

Ana shunday keksa o‘qituvchilardan biri — Lyudmila Nikolayevna Shulga Payariq tumanidagi 6-maktabda mehnat faoliyatini boshlaganiga 60 yil to‘ldi. Shu zaminda tug‘ilib o‘sgan Lyudmila Nikolayevna o‘zi o‘qigan maktabda 1964 yilda tarix fani o‘qituvchisi bo‘lib ishga kiradi va 60 yildan buyon bolalarga bilim berib kelmoqda.

Lyudmila Nikolayevna 2 oktyabrda tug‘ilgan. U bugun 78 yoshni to‘ldirdi. «O‘qituvchilik asli mening taqdirimda bo‘lgan», deydi u.

«Ota-onam Payariq tumaniga (o‘sha vaqtlarda Fyodorovka deb atalgan) 1928 yilda ko‘chib kelishgan va shu yerda yashab qolishgan. Oilamizda 5 ta farzand bo‘lgan, barchamiz shu yerda tug‘ilganmiz. Men ham. 1946 yilning 2 oktyabrida. Tug‘ilganimdanoq mening o‘qituvchi bo‘lishim taqdirimda yozilgan deb o‘ylayman.

Men shu 6-maktabni tugatganman, shu yerda o‘qiganman. Maktabni tugatganimdan so‘ng texnikumga o‘qishga kirdim. O‘qiy turib, ishlay boshladim. 18 yoshimda shu maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida ish boshlaganman.

1973 yilda Samarqand davlat universitetining tarix fakultetiga o‘qishga kirdim. Uchinchi kursga o‘tgan paytimda menga shu maktabda tarixdan dars soatlari berishdi. Tarix o‘qituvchisi bo‘ldim», — dedi biz bilan suhbatda Lyudmila Shulga.

U dars berish bilan birga qator yillar shu maktabda direktorlik qilgan. Maktabni obodonlashtirishda, kengaytirishda hissa qo‘shgan.

«1986 yilgacha tarix o‘qituvchisi bo‘lib ishladim. 1986 yilda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari etib tayinlandim. Uch yildan so‘ng, 1989 yilda men maktabga direktor bo‘ldim va 2012 yilgacha direktor bo‘lib ishladim. So‘ngra pensiyaga chiqdim.

Lekin uyda o‘tira olmadim. Maktabga qaytib, o‘z fanimdan das bera boshladim. Men o‘z fanimni juda yaxshi ko‘raman, bu kasbni o‘zim qalbdan xohlab tanlaganman. Shu sabablimikan, bu menga kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Men bolalarning yuragiga o‘z vatani tarixiga muhabbat tuyg‘usini joylashga, ularni vatanparvar qilib tarbiyalashga harakat qilaman. Chunki mamlakatimiz kelajagi ko‘p jihatdan shunga bog‘liq», — deydi keksa pedagog.

Uning rahbarligi ostida maktab juda ko‘p marta viloyatda, hatto respublikada eng ilg‘or maktablar safida bo‘ladi.

«Direktor bo‘lib ishlaganimda ishlash oson emasdi. Chunki men direktorlikni 1989 yilda boshladim. U paytlar respublikamiz endi oyoqqa turib, mustaqil bo‘layotgan paytlar edi. Ayniqsa dastlabki yillar juda qiyin bo‘lgan. Shuning uchun maktab direktori faqat ta’lim uchun javobgar bo‘lmagan. Zimmamizda qishloq xo‘jaligi ishlariga qarashish ham bor edi. Yigit-qizlarimiz bilan dalalarda ham ishlaganmiz.

Albatta, hozirgi kunlarga umuman solishtirib bo‘lmaydi. Hozir o‘qituvchilar, direktorning oldiga bitta-yu bitta vazifa qo‘yilgan: bolalarga xalqaro standartlarga javob bera oladigan ta’lim berish. Hozirgilarda vazifa bitta. Bizda ikkita edi. Yosh davlatimizga yordam berishimiz zarur edi. Biz har ikki vazifani ham muvaffaqiyatli uddalaganmiz», — deydi Lyudmila Shulga.

Albatta, uning mehnatlari besamar ketmagan. Fidokorona mehnatlari uchun «Do‘stlik» ordeni va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi unvonlari bilan taqdirlangan.

«Men direktor bo‘lib ishlab turgan 2001 yilda maktabimiz viloyat tanlovida yil maktabi deb topildi. Respublika tanlovida qatnashdik, maktabimiz respublikaga ham mashhur bo‘ldi. Mana shunday kichikroq tuman maktabi Samarqand viloyati maktablari o‘rtasida birinchilikni qo‘lga kiritdi. Maktabdagi ishimiz, maktab jamoasining yutuqlari davlatimizga meni mukofotlash uchun asos bo‘lgan bo‘lsa kerak. Birinchi mukofotni men 1996 yilda olganman. «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandim. Bu yuksak mukofot menga qo‘shimcha rag‘bat, g‘ayrat berdi va 2007 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi unvoni bilan taqdirlandim.

Har ikki prezident bilan shaxsan ko‘rishganman. Birinchi prezidentimiz Islom Karimovni ikki marta saroyda ko‘rganman va «Do‘stlik» ordenini aynan u kishining qo‘lidan qabul qilib olganman.

Ikkinchi prezidentimizni esa yanada yaqinroq bilaman. Nega? Chunki u viloyatimizda hokim bo‘lib ishlagan, tumanimizga ko‘p kelardi, nafaqat tumanimizga, maktabimizda ham bir necha bor mehmon bo‘lgan. U maktabimizning joylashishini juda yaxshi biladi. Sinfxonalarimiz yetishmayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgach, yonimizdagi harbiy komissariat boshqa joyga ko‘chib o‘tganidan so‘ng, ulardan qolgan binoni bizga olib bergan. Biz uni maktabga moslashtirib qayta jihozlagandik. Shundan so‘ng maktabimizda o‘quvchilar qamrovi soni 2 mingdan oshib ketgandi», — deya faxrlanib so‘zlab berdi ustoz pedagog.

Lyudmila Nikolayevna hozir ardoqda. Uni o‘quvchilar juda yaxshi ko‘rishadi. Uning o‘g‘li Oleg Shulga va kelini ham shu maktabda o‘quvchilarga dars berib kelmoqda. Maktabning o‘qituvchilar jamoasi ham undan o‘rnak olishadi.

Lyudmila Nikolayevnani o‘qituvchilar va murabbiylar kuni arafasida maktab jamoasi tabrikladi.

Ukrain millatiga mansub bu keksa o‘qituvchi hali yana qator yillar o‘zining boy bilim va tajribasi bilan o‘quvchilar va yosh o‘qituvchilar bilan bo‘lishadi degan umiddamiz.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid