Jahon | 19:02 / 10.05.2016
12706
2 daqiqa o‘qiladi

Kuvayt barcha aholisi DNK tahlili topshiradigan birinchi mamlakat bo‘ladi

Kuvaytda DNK-tahlilning majburiyligi to‘g‘risida qonun qabul qilinishi kutilmoqda. Ma'lum qilinishicha, bunga rozi bo‘lmaganlarni yirik jarima to‘lovi yoki bir yillik qamoq jazosi kutadi.

Kuvaytning barcha aholisi hamda bu mamlakatga tashrif buyuruvchilar DNK-tahlili topshirishiga to‘g‘ri keladi, uning natijalaridan terrorizm bilan kurashish bo‘yicha ma'lumotlar bankini yaratishda foydalaniladi. Bu haqida Science Alert! xabar berdi

Barcha fuqarolardan DNK namunalarini olish maqsadida hukumat bir necha mobil markazlarni bunga jalb etishni rejalashtirmoqda: Kuvaytda to‘rt milliondan ortiq aholi yashaydi, ularning 75 foizi - xorijliklar. Xorijdan kelganlar samolyotdan tushishi bilan aeroportda DNK-tahlil (qon va so‘lak namunasi) topshiradi.

DNK-testdan bosh tortganlarni 33 ming dollar miqdorida jarima to‘lovi kutmoqda. Jarimadan bosh tortganlarga esa bir yillik qamoq jazosi tayinlanadi. 

Hukumatning bu qarori amalda to‘liq qo‘llansa, Kuvayt barcha aholisi DNK-tahlil topshiradigan birinchi mamlakat bo‘ladi. 

Hukumat vakillarining ishonch bildirishicha, mazkur ma'lumotlar bazasidan birorta ma'lumot tashqariga chiqsa, qat'iy jazo muqarrar, qonunbuzarni 7 yilga ozodlikdan mahrum qilishlari mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid