Fan-texnika | 20:20 / 19.08.2016
7655
2 daqiqa o‘qiladi

Geymerlar poyga simulyatorida Ginness rekordini o‘rnatishdi

Foto:motor.ru

Besh nafar kompyuter o‘yinlari professionallari «videoo‘yin bo‘yicha dunyodagi eng uzoq davom etgan poyga marafoni»ni qayd etishdi. Shu bilan ular o‘z natijalarini jahon Ginness rekordi sifatida ham ro‘yxatdan o‘tkazishdi. Geymerlar, ikki kecha-kunduz davomida 41 004 virtual kmni ortda qoldirishgan. Ular Forza Motorsport 6 poyga simulyatori yordamida «Le-man» trassasida Ford GT superkarini boshqarib shunday natijaga erishganlar. 

Poyga 48 soat 29 daqiqa 21 soniya davom etgan, bu avvalgi natijadan 28 daqiqa ko‘proq deganidir. Shu vaqt mobaynida o‘yinchilar 32 ta quvvat beruvchi ichimlik, 146 idish suv, 47 idish gazlangan ichimlik ichib, 3 kg shirinlik tanovul qilishgan. O‘rtacha har bir «poygachi» o‘yin rulini to‘qqiz soatdan ko‘proq boshqarib, 603 aylanani amalga oshirgan. 

«Ular imkonsiz ishni amalga oshirishdi. Xuddi “Le-Man”dagi kabi boshqarish, axir bu poyga yo‘lagi poygachidan juda ham diqqatli bo‘lishni, katta kuchni talab qiladi. Shu bilan birga, ular bizga qaraganda 2 baravar ko‘proq o‘tirishdi», — degan Ford Chip Ganassi Racing jamoasi piloti Shtefan Myukke. 

So‘nggi «Le-Man» poygasida Amerika jamoasi LMGTE Pro toifasida ishtirok etib, Ford GT kupesi yordamida g‘alaba qozongan edi. 

Avvalroq, Ford kompaniyasi GT superkarini yana ikki yil ishlab chiqarishini ma'lum qilgandi. Shunday qilib, amerikaliklar 4 yil mobaynida kupening mingdan ortiq nusxasini ishlab chiqaradi. Ford GT superkariga 3,5-litrli juft-turbo V6 motori qo‘yiladi. U mashinani 600 ot kuchidan ko‘proq quvvat bilan ta'minlaydi. 

 

Mavzuga oid