Jahon | 17:52 / 27.08.2016
11870
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Su-24 Turkiya armiyasiga Suriyadagi amaliyotlarni boshlashga xalaqit bergan

Turk muxolifati namoyandasi Fathulloh Gulen tarafdorlari va Rossiyaning Su-24 bombardimonchi samolyoti urib tushirilishi bilan bog‘liq hodisa, Turkiya armiyasiga Suriyaning Jarablus shahrida jangovar harakatlarni bir yil avval boshlashiga imkon bermagan edi, deb yozmoqda Hurriyet nashri yuqori lavozimli turk mulozimiga tayangan holda. 

«Turk hukumati quruqlikdagi amaliyotlar ustida 2 yildan ortiq vaqt ishladi. Biz Jarablusga kirishga yaqin turgan edik. 2015-yil iyunida koalitsiyadagi ittifoqchilar, xususan Qo‘shma Shtatlar bilan bu masala muhokama qilingandi», — degan manba nashrga.
 
Uning so‘zlariga ko‘ra, «mudofaa ma'muriyatidagi ayrim qo‘mondonlar Turkiyaning rejalarini barbod qilishni istagan». 

«Ular, harbiy qudratning yetishmasligini uqdirish kabi turli bahonalarni ilgari surishgan, bu o‘z navbatida hukumatga IShIDga qarshi harbiy harakatlarni boshlashga imkon bermagan». 

Yuqori lavozimli turk mulozimining aytishicha, gap Gulen tarafdorlari bo‘lgan va o‘tgan oyda davlat to‘ntarishida ishtirok etgan harbiylar haqida bormoqda. 

Manbaning ta'kidlashicha, Jarablusning Turkiya va Suriya ozod armiyasi tomonidan jangarilardan tozalanishi «turk harbiylarining bu kabi jangovar topshiriqlarni bajarishga har doim tayyor turganini isbotlaydi».

Uning qayd etishicha, Rossiya HKKning Su-24 samolyoti bilan bog‘liq noxush voqea ham jangovar harakatlarni boshlashga to‘sqinlik qilgan. 

«Shundan so‘ng...havodan qo‘llab-quvvatlashning imkoni yo‘qqa chiqarilgach, rejalarni amalga oshirish mumkin bo‘lmagan». 

Manbaning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya Rossiya bilan munosabatlarini tiklaganidan so‘ng, harbiy amaliyotlarni boshlash imkoniga ega bo‘lgan. 
 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid