O‘zbekiston | 20:40 / 29.08.2016
115051
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml Islom Karimovning salomatligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Rossiya prezidentining matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov Kreml O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning sog‘lig‘i haqidagi xabarlar tufayli chuqur tashvishdaligini bildirdi va prezidentga sog‘lik tiladi. Bu haqda RIA «Novosti» xabar bergan.

«Biz O‘zbekiston prezidentining betobligidan chuqur tashvishdamiz. Moskva rasmiylari nomidan Islom Karimovning tez orada sog‘ayib ketishini tilayman.

Biz hozirda faqat OAVdagi va diplomatik kanallardan kelayotgan xabarlargagina egamiz», degan Peskov.

U shuningdek, O‘zbekistonda vaziyat chigallashishi mumkinligi haqida bildirilayotgan taxminlarni «mulohazasizlik» deb atagan va bunday taxminlarga fikrini bildirgan.

«Yana bir bor qaytaraman, biz O‘zbekiston prezidentining tezda sog‘ayib ketishini tilaymiz. Biz o‘zaro munosabatlarni qadrlaymiz, yaqinda Karimovning Rossiyaga tashrifi doirasida tuzilgan rejalar ham ikki davlat o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlikdan nishona bo‘lgandi. O‘zbekistondan ijobiy xabarlar kutib qolamiz», deya qo‘shimcha qilgan u.

Eslatib o‘tamiz, kecha O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov statsionar davolanishda ekanini ma'lum qildi.

Bugun esa Lola Karimova-Tillayeva prezidentning ahvoli barqarorligini bildirdi.

Mavzuga oid