Jahon | 11:32 / 08.09.2016
16796
2 daqiqa o‘qiladi

Donald Tramp: "Ko‘proq soldatlar, ko‘proq samolyotlar, ko‘proq kemalar"

AQSh prezidentligi uchun saylovda Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan Donald Tramp ma'lum qildiki, prezidentga aylansa, mamlakatning harbiy qudratini oshiradi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, u AQSh Qurolli kuchlari tarkibidagi harbiylar, kemalar va samolyotlar sonini oshirmoqchi.

U shuningdek, prezidentlik lavozimini egallasa, Pentagondan bir oy ichida IShIDni yo‘q qilish rejasini ishlab chiqishni talab etadi.

Tramp Filadelfiyadagi chiqishi vaqtida AQShning NATOdagi ittifoqchilaridan byudjyetning 2 foizini mudofaa sohasiga ajratishni talab qilishi haqida ham aytgan.

Joriy haftada respublikachi nomzod 88 nafar amerikalik sobiq general tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani ma'lum bo‘lgandi. Iste'fodagi bu harbiylar "Amerika qo‘mondon timsolidagi yetakchiga muhtoj ekanini" bildirishgan.

Shu bilan bir vaqtda Trampning raqibi, demokrat Hillari Klinton harbiylar hamrohligida videorolik bilan chiqish qildi, unda Trampning siyosati tanqid ostiga olingan.

O‘tgan hafta oxirida Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi boshlanganidan beri ilk marta nufuz bo‘yicha Hillari Klintonni ortda qoldirayotgani ma'lum bo‘lgandi.

Sotsiologlar Trampning nufuzi partiya ichida ham o‘sayotganini qayd etishgan.

Mavzuga oid