O‘zbekiston | 21:15 / 13.09.2016
233434
7 daqiqa o‘qiladi

Rustam Azimov: "Shavkat Mirziyoyev - Islom Karimovning siyosiy merosxo‘ri”

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 7 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan va O‘zbekiston respublikasi prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha yuklash masalasi ko‘rib chiqilgan qo‘shma majlisida O‘zbekiston respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov ham ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Quyida ana shu nutq matni bilan tanishish mumkin:

“Hurmatli rais!
Hurmatli Senat a'zolari!
Hurmatli deputatlar!

Bugun og‘ir kunlarda turibmiz. Kuni kecha biz muhtaram Yurtboshimizdan judo bo‘ldik va bu butun xalqimizga juda katta og‘ir musibat keltirdi. Albatta, Islom Abdug‘aniyevich haqida ko‘p gapirildi va ko‘p gapiramiz ham. Bu inson O‘zbekistonni eng og‘ir davrda boshqarib, xonavayron bo‘lgan respublikadan rivojlangan, tinch-totuv, barqaror, xalqi baxtli hayot kechiradigan davlatga aylantirdilar.

Lekin, afsuski, Islom Abdug‘aniyevich bizni tark etdilar. Hozir butun xalqimiz — qayg‘udagi 32 million xalqimiz katta savol berayapti: “Nima bo‘ladi ertaga? Davlatimiz qayerga boradi? Muhtaram Prezidentimiz yaratgan zaminda davomati qanaqa bo‘ladi?”, — degan savollarga shu kunlarda, shu xalqda, avvalambor, Sizlar — senatorlar, deputatlar, biz — hukumat a'zolari javob topishimiz kerak va shu nuqtai nazardan qaraganda men Senatimiz raisi Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshevning hamda Senat kengashining taklifini (qo‘llab-quvvatlayman).

Men o‘ylaymanki, (bu tanlov) bizning davlatchiligimizning rivojlanishi eng yuqori pog‘onaga chiqishining dalolati bo‘ladi. Chunki ular nafaqat rasmiy nuqtai nazardan, balki (bu ishning ahamiyati va mas'uliyatini) chuqur anglab, hozirgi og‘ir, tahlikali davrda 32 million xalqni o‘ylagan holda shu taklif bilan chiqishdi. O‘ylaymanki, hammamiz shu takliflari uchun, avvalambor, Senat a'zolariga, Yo‘ldoshev Nig‘matilla akaga minnatdorchiligimizni bildirishimiz kerak.

Hozir taklif bo‘ldiki, Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning zimmalariga O‘zbekiston davlatining Prezidentlik vakolatlarini hamda vazifalarini yuklatish taklifi kiritildi. O‘ylaymanki, hozirgi davrda bu eng muhim va yakka-yu yagona to‘g‘ri taklif deb bo‘ladi. Shuni hozir mendan oldin so‘zga chiqqan odamlar, menimcha, to‘liq ravishda tasdiqlab berdilar.

Shavkat Miromonovichning ko‘p fazilatlari bor, ko‘p xislatlari bor. Lekin ulardan eng birinchisi nima deb so‘rasalaring, men o‘ylaymanki, birinchi fazilatlari — vatanni sevish fazilatlari.

(Fazilatlarining ikkinchisi shuki), davlatning rahbari har bitta masalani — buni bizga Yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich o‘rgatganlar — tagiga yetib, aniq qaror berish juda muhim va shu nuqtai nazardan Shavkat Miromonovichni, mana ko‘p odamlar so‘zga chiqdi, qishloq xo‘jaligi bo‘ladimi, fan bo‘ladimi, sanoat bo‘ladimi, ta'lim tizimi, tibbiyot tizimi, har bitta sohaning ichiga (kirib borib), tagiga yetib, chuqur bilib, anglab, o‘zlarining yondashuvlarini belgilab, keyin qaror beradilar.

Uchinchisi bu — ishchanlik. Men hukumat a'zosi sifatida aytishim mumkin, kechasi soat ikkidayam telefon qiladilar topshiriqlar berib. Ertalab biz ishga kelganda, savollar bo‘ladi, (qabulxonadagilarga) ulab beringlar deb so‘raganimizda: “Yo‘q, — deydi, — soat oltidan ertalabdan buyon selektor o‘tkazayaptilar”. Ikkida kechasi topshiriq, ertalab oltidan qishloq xo‘jaligi yoki boshqa masalalar bo‘yicha selektor o‘tkazadi. Bu bunaqangi ishchanlikni kamdan-kam, nafaqat bizning davlatimizda, dunyodayam ko‘rish mumkin (emas).

Va (fazilatlarining) eng muhimi, men o‘ylaymanki, har bitta qarorlarida Shavkat Miromonovich birinchi galda oddiy odamlarning manfaatlarini o‘ylaydilar. Oddiy odamlarning manfaati qay darajada bajarilayapti (ya'ni ta'minlanayapti). Qog‘ozda emas, chiroyli shiorlarda emas, amalda. Aytmoqchimanki, Shavkat Miromonovich Yurtboshimizning haqiqiy, sodiq shogirdi bo‘lganlar va bo‘lib qolyaptilar.

 Shavkat Miromonovich Yurtboshimizning siyosiy farzandi deb aytsak, menimcha, to‘g‘ri bo‘ladi. Shavkat Miromonovich Yurtboshimizning siyosiy merosxo‘ri deb aytsak ham to‘g‘ri bo‘ladi. O‘shaning uchun men hukumat vakili sifatida, ijro hokimiyatining vakili sifatida hurmatli senatorlar va deputatlarni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev zimmalariga O‘zbekiston respublikasi Prezidenti vazifasi va vakolatlarini yuklatishga da'vat qilaman hamda Sizlardan shu ish uchun ovoz berishingizni iltimos qilaman.

Rahmat!..”.

Konstitutsiyaning 96-moddasiga ko‘ra “O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining zimmasiga yuklatilishi, bunda uch oy muddat ichida, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga to‘liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o‘tkazilishi” kerak edi.

Biroq majlisda so‘zga chiqqan Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘zining konstitutsiyaviy vakolatidan voz kechib, bu qarorini davlat boshqaruvi sohasida yetarlicha tajribasi yo‘qligi bilan izohladi hamda deputat va senatorlarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyevning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimlaridagi ko‘p yillik tajribasini, aholi o‘rtasidagi hurmat-e'tiborini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi taklif bilan murojaat qilgan edi. Oliy Majlis Senati raisining bu taklifi parlament palatalarining qo‘shma majlisida ovozga qo‘yildi va u 147 nafar deputat, 94 nafar senator tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

2016 yilning 9 sentabr kuni “O‘zbekiston” telekanalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi tafsilotlariga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv namoyish etildi. Quyida ana shu ko‘rsatuvni to‘liq tomosha qilish mumkin:

 

Manba: “Tafsilot.uz”

Mavzuga oid