Jahon | 09:45 / 16.09.2016
4583
2 daqiqa o‘qiladi

YeIning Bratislava sammitida Brexit masalasi muhokama etiladi

YeIga a'zo 27 davlat rahbarlari 16 sentabr kuni YeIga raislik qilayotgan Slovakiya poytaxtida to‘planishadi. Ular, Buyuk Britaniyaning tashkilotdan chiqishi munosabati bilan Yevropa hamjamiyati kelajagini muhokama etishadi. Davlat va hukumat rahbarlarining Bratislavada tashkil etilayotgan norasmiy uchrashuvi Birlashgan qirollik vakilisiz tashkil etiladi. 

"Rahbarlar Britaniyaning YeIdan chiqqanidan so‘ng, tashkilotni unga a'zo 27 davlat tomonidan isloh qilishga turtki beruvchi siyosiy munozaralarni boshlaydi", - deyishgan YeI Kengashida. 

"Xususan, ular YeI fuqarolarining xavotirlariga qanday qilib samarali javob berishni muhokama etishadi. Bratislava sammitining maqsadi asosiy chaqiriqlar va istiqboldagi vazifalarni aniqlab, joriy faoliyatni belgilab olishdan iborat", - deyiladi xabarda.

Yevropa Kengashi ma'muriyatida ma'lum qilishlaricha, kengash rahbari Donald Tusk barcha davlat rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazgan. Unda, YeI oldida turgan uchta asosiy masala: noqonuniy muhojirlik, terrorizm va iqtisodiy vaziyatni muhokama etgan. 

Bryusseldagi diplomatik manbaning jurnalistlarga ma'lum qilishicha, YeI yetakchilari Bolgariyaning Turkiya bilan chegaralarida qochqinlar oqimiga qarshi turishi uchun ushbu mamlakatga chegarachilar va uskunalarni yuborishni taklif etishlari mumkin. 

"Bundan tashqari, davlat rahbarlari YeI chegaralarini kesib o‘tayotgan kishi hatto hamjamiyat fuqarosi bo‘lsa ham ma'lumotlar bazasi orqali tekshirilishi xususida bir qarorga kelishadi", - degan manba.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid