Jahon | 10:11 / 23.09.2016
6507
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya bosh vaziri aka-uka Kastro bilan uchrashdi

Ayni vaqtda Kubada rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Yaponiya bosh vaziri Shinzo Abe payshanba kuni Kuba inqilobi yetakchisi Fidel Kastro bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida yaponiyalik martabali mehmon Kastrolarning kattasiga bu mamlakatga Yaponiya rahbarining ilk tashrifiga imkoniyat yaratib bergani uchun minnatdorchilik bildirib o‘tgan.

Granma portali xabariga ko‘ra, tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning rivojlantirilishi masalasini muhokama qilgan va zamonaviy dunyoga xavf solib turgan tahdidlar haqida fikr almashishgan. Xususan, yadro qurolidan voz kechishning muhimligi qayd etib o‘tilgan.

Shu kunning o‘zida Shinzo Abe Kuba davlat kengashi raisi Raul Kastro bilan uchrashuv o‘tkazgan. Tomonlar ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishdan birdek manfaatdor ekanliklarini ta'kidlab o‘tishgan.

Yaponiyada "Ozodlik oroli"ga qiziqish Kuba va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar 2014 yilning dekabrida iliqlasha boshlagani ortidan yuzaga keldi. Endilikda Kuba Yaponiyada istiqbolli hamkor sifatida ko‘rilmoqda va yaponlar bu mamlakatga investitsiyalar kiritish tadorigida.

2015 yilning mayida Yaponiya tashqi ishlar vaziri Fumida Kusida Kubaga tashrifini amalga oshirgandi. U bu mamlakatga kelgan ilk yuqori martabali amaldor bo‘lgandi.

Mavzuga oid