O‘zbekiston | 12:27 / 28.09.2016
57661
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda alkogolli mahsulotlar sotish qoidalari qattiqlashtirildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev "Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda UzReport xabar bergan.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, quyidagi holatlarda alkogol mahsulotlari sotish taqiqlanadi:
— savdo avtomatlari orqali;
— bolalar o‘yinchoqlari, konfetlar yoki bolalar assortimentiga kiruvchi boshqa tovarlarni imitatsiya qiluvchi (shularga o‘xshatib ishlangan bo‘lsa) alkogolli mahsulotlar.

Bundan tashqari, savdo qilinayotgan joylarda 20 yoshga to‘lmagan shaxslarga alkogolli mahsulotlar sotishga yo‘l qo‘yilmaydi, shuningdek, alkogolli mahsulotlarning inson sog‘lig‘iga zararli ta'siri to‘g‘risidagi ogohlantiruvchi yozuvlar bo‘lishi shart qilib belgilangan.

Alkogolli mahsulotlarning tarasida (tovar-buyum joylanadigan yoki o‘raladigan qog‘oz) alkogolli mahsulotlarni iste'mol qilish inson sog‘lig‘iga zararli ta'sir qilishi to‘g‘risida matn va (yoki) surat shaklidagi tibbiy ogohlantirish mavjud bo‘lmagan hollarda ham ularni sotish mumkin bo‘lmaydi.

Yana bir qo‘shimchaga ko‘ra, "Alkogolli mahsulotlar bilan savdo qilayotgan sotuvchi 20 yoshdan kichikroq ko‘ringan xaridordan uning yoshini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishni talab qilishi, hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda esa alkogolli mahsulot sotishni rad etishi" shart hisoblanadi.

Mavzuga oid