Jahon | 21:21 / 04.10.2016
14094
2 daqiqa o‘qiladi

Filippin prezidenti: Agar AQSh qurol sotmasa, Rossiyadan olaman

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte Rossiyadan qurol sotib olmoqchi ekani haqida ma'lum qildi.

"Agar sizlar (AQSh - tahr.) qurol sotishni istamasangiz, men Rossiyaga murojaat qilaman. Men Rossiyaga generalimni jo‘nataman va Rossiya biz istagan barcha ishni muhayyo qiladi", deya Dutertening so‘zlarini keltirgan Reuters agentligi.

U Xitoy ham Filippin bilan harbiy shartnomalar tuzishga tayyorligi haqida aytib o‘tgan.

"Xitoy haqida ham shunday deyishim mumkin. Ular deyishadi: "Kelinglar va shartnomaga qo‘l qo‘yinglar - istaganingizni eksport qilamiz", degan prezident.

Bundan oldinroq, Filippin prezidenti AQSh prezidenti Barak Obamaga "jahannamga giriftor bo‘lish"ni tilagandi.

Filippin yetakchisi jahon davlat rahbarlariga nisbatan tortinmasdan so‘kinishi bilan dong taratishga ulgurgan. Xususan, u Xitoyda bo‘lib o‘tgan G20 sammiti arafasida Obamani "fohishaning bolasi" deya haqoratlagan edi. Keyinchalik, Duterte BMT bosh kotibini ham siylab, uni "ahmoq"qa tenglashtirgandi. Bundan tashqari, Rim papasi va AQShning Maniladagi elchisi ham undan o‘z ulushini olishga ulgurgan. 

2016 yil may oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan Rodrigo Roa Duterte og‘ufurushlar va shunday moddalarni iste'mol qiluvchilarga qarshi ayovsiz kurash olib borish tarafdoridir. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, Duterte hokimiyat tepasiga kelganidan beri mamlakatda giyohvand moddalarga aloqasi bor 2,4 ming kishi o‘ldirilgan. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid