Jahon | 11:45 / 07.10.2016
10714
2 daqiqa o‘qiladi

Floridaning millionlab aholisi "Mettyu" dovuli tufayli uylarini tark etmoqda

Foto: Reuters

Millionlab kishilar Florida shtatining Atlantika okeani bilan qirg‘oqlaridan ketmoqda. Bu qirg‘oqlarga keyingi 10 yil ichidagi eng kuchli dovul bostirib kelmoqda.

Dovullarni o‘rganish markazi prognoz qilishicha, bo‘ron vaqtida Florida qirg‘oqlarida suv balandligi 5 metrga ko‘tarilishi mumkin. Bu o‘zidan halokatli oqibatlarni keltirib chiqaradi.

"Mettyu" dovuli xavfliligi darajasi mavjud 5ta darajadan to‘rtinchisiga ko‘tarilgan. Floridaga 2004 yildan buyon bunday xavf tahdid solmagandi.

"Mettyu" Floridaning markaziy va shimoliy tumanlarini vayron qilib, Jorjiya va Janubiy Karolina tomon harakatlanishi kutilmoqda.

AQSh prezidenti Barak Obama bu 3 shtatda favqulodda holat tartibi joriy etdi va hududlarga qutqaruvchi guruhlar jo‘natilishini ma'lum qildi.

Ko‘plab tumanlarda haydovchilar benzinga navbatlar hosil qilishgan, mahalliy aholi suv va oziq-ovqat zaxiralarini to‘plamoqda. Maktablar, davlat muassasalari binolari hamda universitetlar yopilmoqda.

Mayami aeroportida reyslarning 90 foizi bekor qilingan. Floridada 10 yil ichida ilk marta "Disneyuorld" ko‘ngilochar xiyoboni yopildi.

"Boshqa varianti yo‘q. Tirik qolay desangiz, qoching", degan Florida shtati gubernatori Rik Skott.

"Agar "Mettyu" Floridaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yopirilsa, talofatlar katta bo‘ladi", degan gubernator va evakuatsiya ishlari boshlanganini e'lon qilgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Gaitida ushbu dovul oqibatida halok bo‘lganlar soni 340 nafarga yetdi.

BMT ma'lumotiga ko‘ra, Gaitida 350 ming kishi yordamga muhtoj ahvolda qolmoqda.

Mavzuga oid