Jahon | 17:56 / 11.10.2016
9036
3 daqiqa o‘qiladi

Reuters: AQSh Yamandagi harbiy jinoyatlar ishtirokchisi sifatida tan olinishi mumkin

Foto: AFP

Prezident Barak Obama ma'muriyati o‘tgan yili Saudiya Arabistoniga 1,3 mlrd dollarlik qurol-aslahalarni sotish bitimiga ruxsat bergan edi. AQSh shu bilan Yamandagi harbiy jinoyatlarga aloqador bo‘lib qolishi mumkinligiga doir ogohlantirishlarga qaramay, bitim tasdiqlandi, deb xabar qilmoqda Reyter agentligi Amerikaning sobiq va amaldagi mulozimlariga tayangan holda. 

Gap, Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi arab davlatlarining yamanlik isyonchi xusiylarga qarshi koalitsiyasi haqida bormoqda. Reyter ma'lumotlariga ko‘ra, Vashington qo‘llab-quvvatlayotgan mazkur harbiy amaliyotda minglab tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgan. 

Ayni vaqtda, amerikalik huquqshunoslar, xalqaro huquq me'yorlariga ko‘ra, AQSh koalitsiyaning harbiy ittifoqchisi hisoblanadimi yoki yo‘qmi?, degan savolga oydinlik kirita olishmayapti. Agar ular bu savolga ijobiy javob berishsa, bu Vashingtonning harbiy jinoyatlarga oid ayblovlar yuzasidan tergov ishlarini olib borishga majbur bo‘lishini anglatadi. 

Shu bilan birga, Amerikaning qator harbiy xizmatchilariga nazariy jihatdan bo‘lsa-da, jinoiy javobgarlik xavf sola boshlaydi. 

2015 yilda Yamanning tinch aholisi orasidagi qurbonlar soni keskin ko‘tarilgan. Va ayrim inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari Vashington Ar-Riyodning harbiy jinoyatlariga aloqador bo‘lib qolishini aytishgandi. 

Chunki, AQSh 2015 yil martida Ar-Riyodga 22,2 milliard dollarlik qurol sotish bo‘yicha kelishuvini ma'qulladi. Bu aslahalarning aksariyati kelgusida yetkazib berilishi qayd etilgan edi. 

Ayni vaqtda, vakillar palatasining 60 nafardan ortiq a'zosi Obamani navbatdagi bitimni bekor qilishga undamoqda. Biroq, Senatning o‘tgan oydagi kelishuvni to‘sib qo‘yishga urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi.  

Reyter ma'lumotlariga ko‘ra, Yamandagi harbiy mojaroda 3,8 ming tinch aholi vakili hayotdan ko‘z yumgan. Bunda, aviazarbalar chog‘ida shifoxonalar, maktab va bozorlarni ham nishonga olayotgan Ar-Riyod o‘lim holatlarining 60 foiziga javobgardir. Saudiyaga esa, qurollarni AQSh yetkazib bermoqda. 

Mavzuga oid