Jahon | 09:06 / 18.10.2016
5836
2 daqiqa o‘qiladi

Filippinga haftadagi ikkinchi to‘fon hamla qilmoqda

Foto: The Australian

18 oktabrda Filippinning shimoliy Luzon orollariga Haimi (Haymi) bo‘roni yetib keldi. Kuchli shamol va surunkali jala quyishi sabab tog‘li tumanlarda yer ko‘chkilari sodir bo‘lish xavfi tobora ortib bormoqda, deya xavotir bildirishgan meteorologlar. 

Xabarlarga ko‘ra, yaqin 12-24 soat davomida bo‘ron kuchayib, dahshatli to‘fonga aylanishi va uning shamol tezligi soatiga 240 kmni tashkil etishi mumkinligi taxmin qilinayapti. CNN telekanalining ma'lum qilishicha, hozirda dovul kuchi 4 darajali deb belgilangan. Bu eng xavfli toifadan biroz kuchsizroq deganidir. 

"Mazkur bo‘ron juda kuchli bo‘lgani va jiddiy yog‘ingarchilikni olib kelishi sabab, uning markaziga duch kelgan hududlarda jiddiy talofatlar bo‘lishi aniq", deydi CNN ob-havo mutaxassisi Taylor Ward.

Shundan so‘ng, Haimi shimoli-g‘arb tomon harakatlanishda davom etib, 21 oktabr kechga borib, Xitoy sohillariga yetib kelishi aytilmoqda. 

"Hozirgi holatga ko‘ra, to‘fon Hong Kong sharqidagi Guangdong viloyatiga yopiriladi, biroq uning yo‘nalishi kutilmaganda o‘zgarishi mumkin", - deydi Ward.

Ta'kidlanishicha, Haimi (Haymi) bir necha kun ichida Filippinda ro‘y berayotgan ikkinchi dahshatli dovuldir. Bundan avval, Sarika (Sarik) to‘foni ham Manila shimolidagi arxipelagdan o‘tib, Xitoyning Xaynan orolida kuchli yog‘ingarchiliklarga sabab bo‘lgan edi. 

Sinxua agentligining xabar qilishicha, 17 oktbrdan beri Xitoyning to‘fon hukm surayotgan mintaqalaridagi maktablar yopilgan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid