O‘zbekiston | 22:52 / 19.10.2016
12115
4 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov IHTning Falastin bo‘yicha pozitsiyasini ma'lum qildi

Foto: O‘zbekiston TIV matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri IHT TIVKning 43-sessiyasiga bag‘ishlangan yakuniy brifingda chiqish qildi. Nutq matni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi saytida keltirilgan.

U o‘z nutqida Yaqin Sharqdagi vaziyatni barqarorlashtirish zarurligini bildirdi. Xususan, Afg‘oniston haqida gapirar ekan, Komilov afg‘on muammosiga harbiy yechim yo‘qligini yana bir bor ta'kidladi.

"Biz Afg‘onistondagi ichki ziddiyatlarni hal qilish butun xalqni yarashtirish jarayonlarini olg‘a surish orqali hamda afg‘onlar rahbarligida va afg‘onlar tomonidan amalga oshirilishi kerak deb hisoblaymiz", — dedi vazir.

Bundan tashqari, Komilovning so‘zlariga ko‘ra, IHT TIVK Falastin va Al-Quddus Ash-Sharifni, Falastin xalqining qonuniy va daxlsiz huquqlarini, Yaqin Sharqda tartib o‘rnatish bo‘yicha tinchlik tashabbuslarini hamda Falastin qochoqlari muammolarini adolatli va BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalari va xalqaro huquq normalariga muvofiq hal qilinishini yana bir bor to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

"IHTga a'zo davlatlar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi vaziyatni BMT Nizomidagi tamoyillar va xalqaro huquqning umume'tirof etilgan normalariga muvofiq ravishda inqirozlarni siyosiy yo‘l bilan tartibga solish orqali zudlik bilan barqarorlashtirish zarurligi to‘g‘risida yagona fikrga egadirlar", — dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.

Abdulaziz Komilovning ma'lum qilishicha, ikki kun davom etgan sessiya davomida 118ta rezolyutsiya qabul qilindi.

"Ishimiz yakunlariga ko‘ra Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat IHTning obro‘li va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan bir qatorda o‘zining munosib o‘rniga egaligini ta'kidlaydi hamda musulmon ummati birligini ta'minlash, mustahkam tinchlik va xavfsizlikni o‘rnatish, a'zo davlatlarga barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida tashkilot faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha sa'y-harakatlarni faollashtirishga chaqiradi", — dedi Komilov.

Komilov sessiya doirasida "Yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish va bunyodkorlik salohiyatini rag‘batlantirish" mavzuida yig‘ilish o‘tkazilgani hamda unda a'zo davlatlarning yoshlar siyosati va mazkur sohadagi hamkorlik istiqbollari masalalari yuzasidan batafsil va samarali fikr almashilganini ma'lum qildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, sessiyada IHTga a'zo davlatlarning 26tasidan vakillar ishtirok etdi. Sessiyada shuningdek, IHT bosh kotibi, Islom taraqqiyot banki prezidenti, AQSh, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya va Shveytsariyaning maxsus elchilari, qator xalqaro va hududiy tashkilotlar vakillari qatnashdi.

IHT 1969 yilning sentabrida ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda islom birdamligini ta'minlash uchun tashkil etilgan. 2011 yilga qadar Islom konferensiyasi tashkiloti nomi bilan atalgan. IHTga 57 mamlakat a'zo hisoblanadi. O‘zbekiston ushbu tashkilotga 1996 yilda a'zo bo‘lib kirgan.

Mavzuga oid