Light | 23:20 / 19.10.2016
11746
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh jurnali dunyodagi eng yaxshi shahar, aviakompaniya va mehmonxonani aniqladi

Foto: Natsuki Sakai / AFLO / Globallookpress.com

AQShning Conde Nast Traveler sayohatlar haqidagi jurnali dunyoning eng yaxshi shaharlari reytingini chop etdi. 40 ta o‘rindan iborat ro‘yxatga Tokio boshchilik qilmoqda. Unga "Conde Nast Traveler o‘quvchilari tanlovi" mukofoti berildi. 

Ro‘yxat nashrning 300 mingdan ko‘proq o‘quvchilari orasida ovoz berish asosida tuzilgan. Jurnal muharrirlarining ta'kidlashicha, Tokio rang-barang shahar bo‘lib, u yerda osmono‘par binolar ibodatxonalar bilan yonma-yon turadi. Jurnalistlar Tokioni Mishlen yulduzlariga ega bo‘lgan eng ko‘p tamaddixonalarga egaligi bo‘yicha dunyo yetakchisi ekanligini aytganlar. 

Ro‘yxatda 2-o‘rinni yana bir yapon shahari – Kioto, 3-o‘rinni Florentsiya shahari egalladi. Ro‘yxatning yetakchi o‘ntaligiga Shveytsariyaning Lyutsern, Meksikaning San-Migel-de-Alende, Kanadaning Vankuver va Viktoriya, Vena, Zaltsburg (Avstriya) va Barselona shaharlari kirgan.

Jurnal o‘quvchilari 2016 yilda dunyoning eng yaxshi aviakompaniyasini ham aniqlashdi. Bu mukofot Singapurning Singapore Airlines milliy aviatashuvchisiga topshirildi. Dunyodagi eng yaxshi otel Irlandiyadagi Ballyfin mehmonxonasi bo‘ldi. Jurnal Filippinning Borakay orolini duyodagi eng yaxshi orol sifatida e'tirof etdi.

Jurnal mukofotlari 2016 yilda 29-marotaba topshirildi. Jurnal 1987 yilda tashkil topgan bo‘lib, sayohatlar haqidagi eng taniqli jurnallardan biri hisoblanadi.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid