Jahon | 23:49 / 19.10.2016
7350
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Yevropa Ittifoqiga muhojirlar bo‘yicha kelishuvni uzish bilan tahdid qildi

Foto: REUTERS

Turkiyaning Yevropa Ittifoqi ishlari bo‘yicha vaziri Omer Chelik agar 2016 yil oxirigacha Turkiya fuqarolari uchun Yevropa Ittifoqiga vizasiz kirish tartibi kiritilmasa, Turkiya Yevropa Ittifoqi bilan muhojirlar bo‘yicha kelishuvni uzishini ma'lum qildi.  

"Agar yil oxirigacha vizasiz tartib o‘rnatilmasa, u shundoq ham kechikdi, unda uning kiritilishi yo‘qqa chiqadi", deb vazir britaniyalik hamkasbi Alan Dunkan bilan birgalikda bergan matbuot-anjumanida aytgan so‘zlarni Hurriyet Daily News nashri keltirmoqda.

Chelikning aytishicha, Turkiya vizasiz tartibni olish uchun o‘zining barcha majburiyatlarini bajarmoqda. Uning aytishicha, Gretsiyaga Turkiyadan har kuni kelayotgan muhojirlar miqdori 20-30 kishigacha kamaydi, vaholanki 2015 yilda bu ko‘rsatkich 7 ming kishi bo‘lgan.

Chelik davlat to‘ntaruviga urinishdan keyin hali o‘ziga kela olmagan va Suriyada IShIDga qarshi kurash olib borayotgan Turkiya aksilterrorchilik qonunlarini ko‘rib chiqmasligini, chunki bu "Turkiya va Yevropa xavfsizligini tahdidga qo‘yish" deganini anglatishini aytdi. 

Avvalroq Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker Turkiya tomondan qattiqqo‘l aksilterrorchilik qonunchiligini qayta ko‘rib chiqmasdan u bilan vizasiz tartib kiritish mumkin bo‘lmasligini aytgan.

Martda tuzilgan Yevropa Ittifoqi bilan kelishuvga ko‘ra, 20 mart kunidan boshlab Gretsiyaga Turkiya orqali kelayotgan noqonuniy muhojirlar yana Turkiyaga qaytariladi. Yevropa Ittifoqi buning evaziga Turkiyadan suriyalik muhojirlarni 1:1 nisbatda qabul qilish va Turkiya hududidagi qochqinlarning ehtiyojlariga 6 mlrd yevro ajratish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.    

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid