Sport | 18:59 / 24.10.2016
5175
2 daqiqa o‘qiladi

Inesta, Ibrahimovich va Levandovski ham «Oltin to‘p» uchun da'vogarlar ro‘yxatida 

Foto: Goal

Zlatan Ibrahimovich («Manchester Yunayted»), Andres Inesta («Barselona»), Koke («Atletiko»), Toni Kroos («Real»), Robert Levandovski («Bavariya») kabi futbolchilar ham France Football tomonidan topshiriladigan «Oltin to‘p» sovriniga nomzodlar ro‘yxatiga kiritildi.

Bungacha Serxio Aguero («Manchester Siti»), Per-Emerik Obameyang («Borussiya» Dortmund), Garet Beyl («Real»), Janluiji Buffon («Yuventus»), Krishtianu Ronaldu («Real»), Kevin de Bryuyne («Manchester Siti»), Paulo Dibala («Yuventus»), Diyego Godin, Antuan Grizmann («Atletiko»), Gonsalo Iguain («Yuventus» / «Napoli») kabi futbolchilardan iborat o‘ntalik ma'lum bo‘lgandi.

Yana 15 nafar futbolchi nomi kun davomida ma'lum qilinadi.

Bundan oldinroq FIFA va France Football «Oltin to‘p» egasini aniqlash va taqdirlash bo‘yicha 5 yillik kelishuv muddati tugaganini ma'lum qilgandi. Jurnal 1956 yildan 2009 yilgacha jurnalistlarning ovoz berishlari orqali g‘olibni aniqlagandi. 2010 yildan buyon esa mukofot FIFA tomonidan topshiriladigan bo‘ldi. Bu holatda individual mukofot g‘olibini aniqlashda OAV vakillaridan tashqari butun dunyodagi terma jamoalarning bosh murabbiylari hamda terma jamoalarning sardorlari ishtirok etishi joriy qilindi.

Qayd etish kerakki, bu yilgi g‘oliblikka asosiy da'vogar sifatida Ronaldu nomi keltirilmoqda. U 2015/16 yilgi mavsumda «Real» bilan YeChL sohibi, Portugaliya termasi bilan esa Yevropa chempioni bo‘lgandi.

Messi esa Argentina terma jamoasi bilan Amerika Kubogi finalida yutqazdi, «Barselona» bilan ham xalqaro maydonda muvaffaqiyatga erisha olmadi.

Mavzuga oid