Sport | 11:21 / 26.10.2016
23015
5 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi ilk futbol klubi tashkil topganiga 159 yil bo‘ldi

Foto: VVS

Olis 1846 yilda Kembrijs universiteti vakillari G. De Uinton va Jon Charlz Tring boshqa xususiy maktablar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgandi. O‘taketgan rasmiyatparast inglizlarning o‘sha uchrashuvi 7 soatu 55 daqiqa davom etgandi. Yakunda «Kembrij tartiblari» nomli hujjat yuzaga kelgan. Bu futbol qoidalariga oid ilk hujjat edi. Keyinroq, 1862 yilda Jon Tring bu hujjatni tahrirlab «Eng oddiy o‘yin» nomi ostida qayta nashr qilgan.

Qoidalar ro‘yxati:
1. Qachonki, to‘p darvoza to‘sini ostidan va ustunlar orasidan o‘tsa, gol bo‘lgan deb hisoblanadi. To‘p qo‘l bilan darvozaga otilishi bundan mustasno.
2. To‘pga qo‘l bilan faqat bir holatda tegish mumkin: uni zarba uchun nuqtaga o‘rnatayotganda.
3. Zarbalar faqat to‘pga berilishi kerak.
4. Havoda uchayotgan to‘pga oyoq qo‘yish taqiqlanadi.
5. Raqibni chalish, siltab tortish va uning oyog‘iga tepish taqiqlanadi.
6. To‘p yon chiziqdan chiqib ketganida uni maydondan chiqarib yuborgan futbolchi aynan chiqib ketgan nuqtasiga qaytarishi kerak.
7. To‘p darvoza chizig‘idan o‘tib ketganida to‘p chiqib ketgan joyidan o‘yinga qaytarilishi kerak.
8. To‘p o‘yinga qayta kiritilayotganida raqib futbolchilari bu nuqtadan kamida 6 qadam masofada turishi kerak.
9. Futbolchi to‘pdan oldinga o‘tib ketsa, «o‘yindan tashqari» holatda deb hisoblanadi va darhol to‘pdan orqaga o‘tishi kerak bo‘ladi. Agar to‘pga uning jamoasi egalik qilayotgan bo‘lsa, «o‘yindan tashqari holatda»gi futbolchi to‘pga tegishi mumkin bo‘lmaydi. U to‘pga o‘zidan boshqa futbolchi tekkanidan keyingina unga yugurishi kerak bo‘ladi.
10. Futbolchi «o‘yindan tashqari holat»da qolganida, unga raqib tomonga hujum qilish taqiqlanadi. U  «o‘yindan tashqari» holatdan chiqqachgina, hujumga o‘tish huquqiga ega bo‘ladi.

Angliyadagi eng ko‘hna jamoa qaysi? "Chelsi"mi? Yo‘q. "Liverpul"mi? "Liverpul" ham emas. "Manchester" klublari ham emas. Buni yoshi kattaroq muxlislar bilishadi. Bu "Sheffild" Aynan Sheffilddagi kriket jamoasi 1867 yilning kuzida dunyodagi ilk futbol klubini tashkil qilishgan. 

Sheffildlik yigitlar o‘z qoidalari bo‘yicha futbol o‘ynashardi. Ular buning uchun ko‘plab risolalar nashr qilishgan. Aynan sheffildliklar tufayli bir to‘p ortidan yuguruvchi yigirma ikki kishi haqidagi latifalar to‘qilgan. Agar Sheffilddagi jamoa bo‘lmaganida raqamlar boshqacha, 28 yoki 54 ko‘rinishida bo‘lishi ham mumkin edi.

1863 yilning 23 oktabrida yana bir tashabbuskor jyentlmen Ebenzer Kob Morli Londondagi 11ta klub vakillarini «Hur g‘isht teruvchilar» qovoqxonasiga yiqqan. Ular pivo ichib dunyodagi eng ko‘hna futbol assotsiatsiyasini tashkil qilishgan.

O‘sha yilning 1 dekabrida o‘tkazilgan yig‘ilishda, FA yagona futbol qoidalarini belgilab oladi. Bunga «Kembrij qoidalari» va Sheffild qoidalari asos bo‘lgan. Bu qoidalarda qo‘l bilan o‘ynash va raqib oyog‘iga tepish taqiqlangani uchun regbi vakillari xafa bo‘lishadi va ketib qolishadi. Ular o‘z sportlarini haqiqiy erkakcha sport ekanini hayqirib aytishadi.

FA o‘z ta'sirini butun Angliyaga yoyishi uchun 10 yil sarflanadi. Futbolning Futbol Assotsiatsiyasi bilan birga ommalashuvining birinchi omili Angliya Kubogi (yoki Futbol assotsiatsiyasi kubogi) o‘tkazilishi bo‘lgan. Bu turnir ilk marta 1871-72 yilgi mavsumda tashkil qilingan. Bu ajoyib g‘oya muallifi Charlz Olkok edi. Angliya Kubogining ilk g‘olibi esa "Uonderers" nomli havaskorlar jamoasi bo‘lgan.

Manba: Tribuna.uz

Mavzuga oid