Jahon | 17:19 / 29.10.2016
13615
2 daqiqa o‘qiladi

29 oktabr – Turkiya Respublika kunini nishonlamoqda

Birinchi Jahon urushidan so‘ng Antanta mamlakatlari 1918 yilning oktabrida Usmoniylar imperiyasining deyarli barcha hududini o‘zaro bo‘lishib olishga qaror qilishdi va bu Turk milliy harakatining paydo bo‘lishiga olib keldi. Anadolu nashri shu haqida so‘z yuritdi.

1919 yilning may oyidan 1923 yilning oktabriga qadar Mustafo Kamol Otuturk boshchiligida davom etgan mustaqillik uchun urushda turklar g‘alaba qozonadi. 1923 yilning iyulida Turkiya Lozan tinchlik bitimini imzoladi. Shu tariqa, 1923 yilning 29 oktabrida Turkiya poytaxti - Anqarada respublika tuzilishi haqida rasman e'lon qilindi. O‘shandan buyon 29 oktabr Turkiyada Respublika kuni sifatida nishonlanadi, Mustafo Kamol Otaturk uni eng muhim bayram deya e'tirof etgan. 

Ushbu milliy bayram munosabati bilan Turkiya hukumat vakillari mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an boshchiligida Anitkabir Majmuasidagi Mustafo Kamol Otaturk qabrini ziyorat qilishdi. Erdo‘g‘an har qanday vaziyatga qaramay, Turkiya g‘alaba nashidasini surayotgani – katta ishtiyoq bilan Respublika kunining 93 yilligini nishonlayotganini ta'kidladi: 

"Bizning xalqimiz ozodlik va g‘ururidan voz kechmagan holda 93 yil avval mustaqillik haqida e'lon qilgan. Xalq bu irodasini bugun ham namoyish qilmoqda. 15 iyuldagi harbiy to‘ntaruv harakati vaqtida mamlakatimizning barcha burchaklaridan xalqimizning namoyon etgan qahramonlarcha qarshiligi istiqlol uchun kurashning yana bir dalilidir... Biz mamlakatimizni zamonaviy madaniyat darajasiga ko‘taramiz. Xalqimizning Mustafo Kamol Otaturk boshchiligidagi shahidlari, qozilarini yodga olamiz".

Mamlakatning barcha hududlarida bayram shukuhi sezilmoqda. Hukumat muassasalari, o‘quv maskanlari va markaziy ko‘chalarda milliy bayroqlar osilgan hamda tantanali tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid