O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Shveytsariyaga tashrif buyurdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Akmal Saidov boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Shveytsariyaga tashrif buyurdi.
Parlament vakillarining tashrif dasturi Jyeneva shahridagi mamlakatimiz elchixonasida o‘tkazilgan brifing bilan yakunlandi.
Unda xalqaro tashkilotlar (BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi), Jyeneva shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, xususan, Ozarbayjon, Jazoir, Belarus, Ispaniya, Isroil, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Malayziya, Panama, Tojikiston, Turkiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlar, shuningdek, Shveytsariyaning jamoat, akademik va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda siyosiy, sud-huquq va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xususida ma'lumot berildi. Mamlakat siyosiy modernizatsiya, huquqiy, dunyoviy, demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidan barqaror borayotgani ta'kidlandi.
Respublikada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar eng avvalo fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ishlar O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomi bilan bevosita bog‘liq ekaniga urg‘u berildi. Mustaqillikning ilk yillaridanoq O‘zbekiston rahbariyati tomonidan oldinga surilgan mamlakatimiz davlat siyosatining fundamental tamoyillari o‘zgarmasligi alohida qayd etildi.
Shundan kelib chiqqan holda brifingda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalarining joriy yil 8 sentabrdagi qo‘shma yig‘ilishidagi ma'ruzasining asosiy yo‘nalishlari hamda 2016 yil 4 dekabrda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar taqdim etildi.
Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston bo‘lajak saylovning ochiqlik va shaffofligini ta'minlash, uni tenglik tamoyillariga muvofiq tarzda tashkil etish, shuningdek, mazkur muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlariga keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini jalb etish orqali fuqarolarning siyosiy faolligini oshirish masalalariga ustuvor ahamiyat bermoqda.
Brifing qatnashchilarining diqqat-eʼtibori bo‘lajak saylovdagi butkul yangi omil – YeXHT DIIHBning O‘zbekistonning Prezident saylovini umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq tarzda ochiq va oshkora o‘tkazishga tayyorligini inobatga olgan holda saylovni kuzatish bo‘yicha to‘liq tarkibdagi missiyasini yuborishga qaror qilganiga qaratildi.
Shu bilan birga ishtirokchilar joriy yilning 20 oktabr kuni Toshkent shahrida “O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilinishini ta'minlashning milliy tizimi: mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi va Toshkentdagi BMTTD o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumning imzolanishi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga katta qiziqish bildirdi.
Brifing chog‘ida shu yil 18 oktabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasi ochilish marosimidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoyev nutqining asosiy yo‘nalishlari hamda O‘zbekistonning tashkilotga raisligi davridagi maqsad va ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan oldinga surilgan tashabbuslar bayon qilindi.
Qatnashchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 24 oktabrdagi “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi farmonlari mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ma'lumotlarni katta qiziqish bilan tingladi.
Brifingda O‘zbekiston xalq farovonligini oshirish, aholining shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini himoyalashni ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuqori baholanib, bu yutuqlarga erishishda o‘tgan yillarda mamlakatda qonun ustuvorligiga asoslangan ochiq va barqaror siyosiy tizimni barpo etilgani muhim omil bo‘lgani ta'kidlandi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi inson huquqlari va bitimlar bo‘yicha kengashi ishlari bo‘limi direktori A.Abdelmoula Oliy komissar ofisi O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasini yaxshilash sohasidagi demokratik islohotlarning borishiga katta qiziqish bilan qarashini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, respublikada sud-huquq tizimi yangi konsepsiyasini shakllantirishga qaratilgan islohotlar, xususan, prokuratura, ichki ishlar organlari va advokatura faoliyatini takomillashtirish, o‘lim jazosining bekor qilinishi, yarashuv institutining joriy etilishi, qamoqqa olishga sanksiya berishni sudlarga o‘tkazilishi, uy qamog‘ini qo‘llash chorasining amalga tatbiq etilishi e'tiborga va har tomonlama o‘rganishga sazovordir.
Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining maxsus maslahatchisi K.Tapiolaning ta'kidlashicha, brifing yirik xalqaro tashkilotlar vakillariga respublikadagi vaziyat to‘g‘risida eng birinchi manbalar orqali bilish imkonini yaratib, O‘zbekistonning siyosiy, iqtisodiy va demokratik taraqqiyoti imkoniyatlarini muhokama qilish uchun qulay maydon bo‘lgan.
K.Tapiola O‘zbekistonda XMTning qator konvensiyalari yo‘riqnomalarini amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi bilan bolalar va majburiy mehnatini taqiqlash masalasidagi hamkorlikni rivojlantirishda erishilgan natijalarni qayd etdi. Shu bilan birga u joriy yilning 25 oktabr kuni XMTning birlashmalar erkinligi hamda kasaba uyushmalari birlashmalari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha 87-raqamli konvensiyasini ratifikatsiya qilgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi o‘rinbosari A.Vasilevning fikricha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoyevning mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, kichik va o‘rta biznes uchun qo‘shimcha qulay imkoniyatlar yaratishga qaratilgan tashabbuslari sezilarli ijobiy natijalarga olib keladi. Unda 2017-2021 yillarda qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish dasturi alohida qiziqish uyg‘otdi.
Jyenevadagi BMT bo‘linmasi qoshidagi IHT doimiy vakolatxonasi vakili Ya.Eren O‘zbekiston Islom dinini uning obro‘sini to‘kishga urinayotganlardan himoya qilib, xalqaro jamoatchilikka islom qadriyatlari va madaniyati to‘g‘risidagi haqiqiy ma'lumotlarni yetkazishda ulkan ishlarni amalga oshirayotganini ta'kidladi. Uning bildirishicha, bugungi kunda mamlakat ta'lim, ma'rifat va haqiqiy islom qadriyatlarini tiklash singari sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali global xavfsizlikni mustahkamlashga harakat qilmoqda.
Jyeneva Diplomatik doirasi prezidenti R.Blyum O‘zbekistondagi vaqt sinovidan o‘tgan va so‘nggi vaqtlarda o‘zini to‘la namoyon etgan siyosiy va iqtisodiy barqarorlik o‘z faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor bo‘lgan xorijiy kompaniyalarni jalb etishda asosiy ustunlik ekanini ma'lum qildi. “Iqtisodiyot sohasidagi so‘nggi tashabbuslar va tegishli qonunchilik aktlari mamlakatning barqaror taraqqiy etishi kafolatlaydi hamda davlat va biznes o‘rtasidagi ochiqlik va shaffoflikni ta'minlashga xizmat qiladi”, - dedi u.
Uning ta'kidlashicha, barqaror yuqori makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ega respublika dunyo bozoriga ishonchli savdo-investitsiyaviy hamkor sifatida chiqmoqda. Mamlakat kichik va o‘rta biznes va yetakchi sanoat korxonalari hissasi ortib borayotgan diversifikatsiyalangan iqtisodiyotga ega.
Muxtasar aytganda, brifing qatnashchilari bo‘lajak saylov milliy qonunchilik va umume'tirof etilgan xalqaro tamoyillarga to‘la muvofiq tarzda ochiq va oshkora o‘tkazilishiga ishonch bildirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati
Mavzuga oid
12:46
Ikki marta ayollarni yutgan Tramp: AQShning yangi-eski prezidenti haqida qiziqarli ma’lumotlar
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
09:22 / 06.11.2024