Jamiyat | 15:08 / 08.11.2016
73090
8 daqiqa o‘qiladi

AQShning eng mashhur 10 prezidenti haqida nimalarni bilasiz?

Bugun, 8 noyabr, AQShda 45-Amerika prezidenti saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Nur.kz nashri Amerika rahbarlari orasida eng yorqin va mashhur siymolarni yodga oldi. Shuncha yillar va hattoki asrlar o‘tishiga qaramay, bu taniqli shaxslar nimasi bilan tarixda qoldi?

 

Jorj Vashington, AQShning birinchi prezidenti (1789 - 1797)

FOTO STATE-USA.RU

Vashington 1789 yilda ushbu lavozimni egallagan. U saylovchilarning 100 foiz ovozini to‘plashga muvaffaq bo‘lgan yagona prezidentdir. AQShda uni "yurt otasi" deyishadi. Vashington Amerika davlati va prezidentlar institutiga ilk poydevorlarni qo‘ygan hamda ularning keyingi taraqqiyotini belgilab bergan. Vashington tomonidan bunyod etilgan mamlakat poytaxti bekorga uning nomi bilan yuritilmaydi. Bundan tashqari, shtat, ko‘l, orol, tog‘, ko‘plab aholi punktlari, kollej va institutlar, ko‘chalar va maydonlarga uning nomi berilgan, uning surati esa dollar kupyurasini bezab turadi. 

 

Endryu Jyekson, AQShning yettinchi prezidenti (1829 - 1837)

FOTO MIXSTUFF

AQShning demokratik partiyadan saylangan ilk prezidenti. U "Hindularni ko‘chirish to‘g‘risida"gi qonunni imzolab, ularni yoqtirmasligi bilan tanilgan. Hindularning aksariyati yangi joylarda yegulik yetishmovchiligi tufayli hayotdan ko‘z yumgan. Jyeksonning surati 20 dollarlikda aks ettirilgan. 

Jyekson 100dan ortiq duellarda ishtirok etgan, ularning aksariyati turmush o‘rtog‘i Reychelning sha'nini himoya qilishga qaratilgan bo‘lgan. 

 

Avraam Linkoln, AQShning o‘n oltinchi prezidenti  (1861 - 1865)

FOTO MIXMOVIE.RU

Respublikachilar partiyasining ilk prezidenti. U qullarni ozod qilganligi hamda Amerika milliy qahramoni bo‘lganligi bilan tanilgan. Uning boshqaruvi davrida transkontitental temir yo‘l qurilgan. U ittifoqdoshlarini ilhomlantirishning uddasidan chiquvchi bebaho notiq hisoblangan. Linkoln qat'iy axloqiy tamoyillarga asoslangan, shu bilan birga o‘z o‘rnida hazil qilishni ham bilgan. 

1865 yilning 14 aprelida teatrda Linkolnning joniga qasd qilingan va u suiqasd uyushtirilgan birinchi  prezident bo‘lgan.  Shundan so‘ng amerikaliklar qullarni  ozod qilgan buyuk inson sharafiga ulkan haykal barpo qilishgan. Linkoln bugungi kunga qadar amerikaliklarning eng sevimli prezidentlaridan biri hisoblanadi. 

Linkolnning sharafiga ko‘plab haykallar bunyod etilgan, shahar, ko‘chalar, universitet, turli markazlar, nufuzli avtomobillar markasi, aviatashuvchi - bularning barchasi Linkoln nomi bilan yuritiladi. Shuningdek 5 dollarlik kupyurada uning surati muhrlangan. 

 

Tomas Vudro Vilson, AQShning yigirma sakkizinchi prezidenti (1913 - 1921)

FOTO FB.RU

U bugungi kunga qadar mamlakatdagi monopoliyaga qarshi faoliyatni nazorat qiluvchi AQSh Federal rezerv qonunini qabul qilganligi bilan tarixda qolgan. Amerika Birinchi jahon urushiga qo‘shilganidan keyin esa Vilson "Yevropada tinchlik o‘rnatganligi uchun" Nobel mukofotini olgan. 

Ikkinchi prezidentlik muddati oxirida prezident falaj kasalligiga yo‘liqadi va mamlakatdagi barcha muhim qarorlarni birinchi raqamli xonim hamda Shtatlar rahbarining maslahatchilari qabul qilishadi. 

Vilsonning suratini mamlakatdagi eng yirik - 100 ming dollarlik kupyurada ko‘rish mumkin. 

 

Franklin Ruzvelt, AQShning o‘ttiz ikkinchi prezidenti  (1933—1945)

FOTO POLITPUZZLE.RU

Ruzvelt - AQShning ikki muddatdan ortiq vaqtga saylangan yagona prezidenti.  

O‘z prezidentligining ilk yuz kunida prezident Ruzvelt bir qator muhim islohotlarni qabul qilgan - bank tizimini tiklagan va och-nahor hamda ishsizlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Federal favqulodda ma'muriyat tuzish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan. 

U mamlakatni global iqtisodiy inqiroz va Ikkinchi jahon urushi davrida boshqargan. 

 

Garri Trumen, AQShning o‘ttiz uchinchi prezidenti  (1945—1953)

FOTO THEDAILYBEAST.COM

AQSh va sobiq SSSR o‘rtasidagi "sovuq urush" aynan Trumen nomi bilan bog‘lanadi - u Sovet Ittifoqiga qarshi bo‘lgan va Amerikaning butun dunyoda yakkahokim bo‘lishi g‘oyasini ilgari surgan. Uning boshqaruvi davrida, 1949 yilda AQSh tashabbusi bilan NATO tuzilgan. 

Trumen shuningdek Germaniyaning SSSRga hujumidan keyin aytilgan gapi bilan ham tanilgan.

"Agar Germaniya g‘olib bo‘lganini ko‘rsak, Rossiyaga yordam berishimiz kerak, agar Rossiya g‘alaba qozonsa, u holda biz Germaniyaga ko‘mak beramiz. Imkon qadar ko‘proq bir-birlarini o‘ldiraverishsin, biroq men Gitlerni ham aslo g‘oliblar safida ko‘rgim yo‘q", - degan o‘shanda 33-prezident. 

 

Richard Nikson, AQShning o‘ttiz yettinchi prezidenti (1969 - 1974)

FOTO KP.RU

U AQShning prezidentlik muddati tugagunga qadar iste'foga chiqqan ilk va yagona prezident hisoblanadi. U mashhur "Uotergeyt mojarosi"da ayblanishdan qo‘rqib, ana shunday yo‘l tutgan. 

Niksonning boshqaruvi davrida amerikalik astronavtlar Oyga qo‘nishga muvaffaq bo‘lishgan. Bu prezident - AQShning 50 shtatida bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan birinchi davlat rahbari.  Shuningdek u Xitoyga tashrif buyurgan ilk AQSh prezidenti hisoblanadi. AQSh va XXR munosabatlari aynan shu davrda taraqqiy etgan.

 

Jon Kennedi, AQShning o‘ttiz beshinchi prezidenti  (1961—1963)

FOTO ASSASSIN'S CREED WIKI

Jon Kennedi nomi bugungi kunda ko‘proq uning sirli o‘limi bilan bog‘lanadi. Uning o‘limiga doir hali-hanuz taxminlar bildiriladi. 

Kennedi AQSh tarixidagi eng yosh prezident bo‘lib qoldi. U Linkoln modeliga rioya qilib, qora tanlilarning teng huquqli bo‘lishlariga harakat qilgan. Bundan tashqari, Kennedi AQSh va SSSR munosabatlarining yaxshilanishi tarafdori bo‘lgan. 

O‘z maoshidan tushgan barcha pul vositalarini xayriya ishlariga sarflagan. 

Bugungi kunda aeroportlar va aviatashuvchilar Jon Kennedi nomi bilan yuritiladi, shuningdek uning portreti aks ettirilgan xotira tangalari, markalar chiqarilgan. Hattoki kompyuter o‘yinlari va multfilmlarda ham uning obrazini uchratish mumkin. 

 

To‘ng‘ich Jorj Bush, AQShning qirq birinchi prezidenti  (1989—1993)

FOTO RAWSTORY.COM

Jorj Gerbert Uoker Bush butun dunyoda katta o‘zgarishlar (Berlin devorining qulashi, SSSRning tarqalishi va boshqalar) yuz berayotgan bir davrda o‘z lavozimiga o‘tirganligi bilan yodda qolgan. 

To‘ng‘ich Jorj Bush o‘zining 90 yoshli yubileyini parashyutdan sakrab nishonlagan.

 

Bill Klinton, AQShning qirq ikkinchi prezidenti  (1993-2001)

FOTO CELEBRITYDRESSES.BIZ

Bill Klinton prezidentligi davrida Amerikaning tashqi qarzlari va ishsizlik ko‘rsatkichlarini ancha pasaydi, shuningdek mamlakat yuksak texnologiyalar sohasida yetakchilikni qo‘lga oldi. Aynan Klintonning ma'muriyati butun dunyoda yadroviy qurolning bekor qilinishiga erishgan. 

U saksofonni yaxshi chalishi bilan ham el og‘ziga tushgan. AQShning barcha prezidentlari orasidan eng ko‘p xorijga - safar qilgan rahbar hisoblanadi - u 133 mamlakatda bo‘lgan. 

Biroq Klintonning Monika Levinski bilan aloqasi AQShda keng ovoza bo‘lib, uning nufuziga putur yetkazgan. 

Mavzuga oid