Fan-texnika | 14:48 / 10.11.2016
10337
2 daqiqa o‘qiladi

GM konserni ishlab chiqarish jarayoniga tuzatishlar kiritishiga nima sabab bo‘lmoqda? 

Foto: Autopro

Amerikaning General Motors konserni AQShda joylashgan ikkita ishlab chiqarish birlashmasiga oid rejalariga tuzatishlar kiritdi. Unga ko‘ra, kelasi yilning yanvaridan boshlab Lordstown (Ohayo shtati) va Lansing Grand River (Michigan shtati) zavodlarida uchinchi smenadan voz kechadi. Shu bilan 2 mingdan ortiq ishchini vazifasidan ozod etadi. Ohayodagi zavodda Chevrolet Cruze sedani ishlab chiqarilsa, ikkinchisida Chevrolet Camaro, Cadillac ATS va CTS modellari yig‘iladi.

Xodimlar sonini va ishlab chiqarishni qisqartirish yuqorida nomlari sanab o‘tilgan modellar savdosining mahalliy bozorda pasayishi bilan bog‘liq. GM konsernining ma'lum qilishicha, amerikalik xaridorlar endilikda yo‘ltanlamas va pikaplarni ko‘proq xarid qilishmoqda. 

Shu bilan bir vaqtda ishlab chiqarish rejasiga kiritilgan tuzatishga ko‘ra, kompaniya «yangi mahsulot dasturi»ga 900 mln dollar sarmoya kiritishni rejalashtirgan. Xususan, Michigandagi Lansing Grand River zavodiga 211 million dollar mablag‘ yotqiziladi. Ohayo shtatidagi korxonaga yangi avlod uzatmalar qutisini ishlab chiqarish uchun mablag‘ kiritiladi. 

Bundan avval, GM konsernining Tennesi shtatidagi zavodida, aksincha uchinchi smena yo‘lga qo‘yilishi, unda 650 yangi ish o‘rni paydo bo‘lishi haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Ushbu ishlab chiqarish maydonchasida Qo‘shma Shtatlarda talab yuqori bo‘lgan Cadillac XT5 va GMC Acadia kabi yo‘ltanlamaslar yig‘iladi. 

Mavzuga oid