Jahon | 09:31 / 15.11.2016
12958
2 daqiqa o‘qiladi

Obama Donald Trampga xulqini o‘zgartirish borasida maslahatlar berdi

Arxiv surat / BBC

AQSh prezidenti Barak Obama Oq uyda o‘tkazgan an'anaviy matbuot anjumanida  mamlakatning yangi saylangan prezidenti Donald Trampga maslahatlar berdi. Obamaning fikricha, Tramp o‘z xulq-atvorini o‘zgartirishi ustida ter to‘kishi lozim. 

"Uning fe'lidagi ayrim jihatlari borki, Tramp ularni tan olib, o‘zgartirmas ekan, xizmat vazifasini ko‘ngildagidek ado qila olmaydi, - deya fikr bildirgan amaldagi davlat rahbari. – Odamlar, yangi vaziyatga ko‘nikishlari uchun vaqt talab etiladi".

Prezident Obamaning fikricha, Tramp "nafaqat o‘ziga ishonch bildirgan, balki butun Amerika xalqining ishonchini qozonish uchun barcha choralarni ko‘rishi kerak". "O‘ylaymanki, u muvaffaqiyatli prezident bo‘lish va mamlakatni taraqqiyot yo‘lidan olib borish niyatida", - degan prezident. 

Obama, jurnalistlarning u hamon Trampni prezidentlik uchun nomunosib deb hisoblaydimi?, degan savoliga javob bermagan. Obama buning o‘rniga o‘tgan haftada Tramp bilan sidqidildan suhbatlashgani haqida so‘z yuritgan. 

"Fikrimcha, yangi prezident g‘oyaviy qarashlardan kelib chiqmaydi, balki u pragmatikdir", - deb izoh bergan Obama. Shunga qaramay, Obamaning tan olishicha, respublikachining prezidentligi bo‘yicha unda "albatta xavotirlar saqlanib qolmoqda". 
 

Mavzuga oid