Sport | 21:17 / 15.11.2016
8029
2 daqiqa o‘qiladi

Uli Shtilike: Endi biroz yengil tin olsak bo‘ladi

Koreyaliklar bosh murabbiyi Uli Shtilike O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi kechgan va 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yindan keyingi matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Uning so‘zlari Stadion.uz tomonidan keltirilgan.

"Bugungi o‘yin oson kechmasligini bilardim. O‘zbekiston terma jamoasi saralashning ushbu bosqichida o‘z darvozasidan bor-yo‘g‘i 1ta gol o‘tkazib yuborgandi. Birinchi bo‘lib o‘z darvozamizdan gol o‘tkazib yuborganimiz bois, ahvolimiz qiyinlashdi. Ammo vaziyatni o‘nglab, g‘alaba qozonganimizdan xursandman. 

Shogirdlarim sovuqqonlikni yo‘qotmagan holda o‘z o‘yinlarini namoyish qilishda davom etishdi. To‘pni nazorat qilish borasida biz raqibga nisbatan ustunlikka erishdik. Raqib jarima maydonchasi atrofida aniq uzatmalar bera olmadik. Umuman olganda, natijadan qoniqish hosil qildim. 

Ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olganimiz muhim ahamiyatga ega. Endi biroz yengil tin olsak bo‘ladi. Keyingi o‘yinga xotirjam tayyorgarlik ko‘ramiz. Jadvalda uchinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallab turish o‘rtasida katta farq bor. 

O‘yinda to‘p nazoratini o‘zimizda ushlab turishni istadim va shundan kelib chiqib to‘p bilan yaxshi muomala qiladigan futbolchilarni asosiy tarkibda tushirdim. Ki Son Yongni himoyada o‘ynatdim, boisi, u bizga himoyadan hujumga tez o‘tishda yordam berishi kutilgandi. 

Kim Shin Uk shunday o‘yinchiki, raqib futbolchilari charchagan paytda maydonga tushirilsa, bizga foyda keltiradi. Agar Kim o‘yin boshidan o‘ynaganida, to‘pni nazorat qilishimiz qiyin kechardi", - deydi Uli Shtilike.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid