O‘zbekiston | 12:37 / 18.11.2016
61279
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Erdo‘g‘an Samarqandda. O‘zaro munosabatlarda yangi sahifa

Suratlar: tccb.gov.tr

Turkiyaning Haberturk telekanali mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifidan fotoreportaj uyushtirdi. Telekanalning YouTube portalidagi kanaliga joylashtirilgan videoda Turkiya rahbari O‘zbekistonga safarini Samarqanddan boshlagani, aeroportdan to‘g‘ri Shohi Zinda majmuasiga, O‘zbekistonning birinchi prezidenti, marhum Islom Karimovning qabrini ziyorat qilish uchun yo‘l olganini ko‘rish mumkin. 

Marhumning ziyoratida unga O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hamrohlik qilgan.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi muftiysi Usmonxon Alimov marhum xotirasiga Qur'on tilovat qilgan. Shundan so‘ng, siyosatchilar tarjimon vositasida bir muddat suhbatlashishgan.

Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an uchrashuvi chog‘ida O‘zbekiston — Turkiya hamkorligining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Qayd etish kerakki, bu Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga ikkinchi tashrifidir. U 13 yil oldin O‘zbekistonga Turkiya bosh vaziri sifatida kelgandi.

"Biz qardosh o‘zbek xalqi bilan munosabatlarni rivojlantirishni istar edik. O‘zbekiston tomon ham biz bilan munosabatlarni rivojlantirish istagida ekanligini ko‘rib turibmiz. O‘zbekistonga safarim davomida o‘zbek og‘alarimiz bilan munosabatlarda yangi sahifasini ochish istagidaman", — deb ta'kidlagan Erdo‘g‘an safarga chiqishidan oldin Anqara aeroportida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Mavzuga oid