O‘zbekiston | 16:03 / 22.11.2016
11271
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi siyosiy jarayonlarda ayollarning faol ishtirok etishiga alohida ahamiyat qaratilmoqda

Mamlakatimiz saylovchilarining yarmidan ziyodi xotin-qizlardir. Shuning uchun ularning saylov jarayonida faol ishtirok etishi va ovoz berishi Vatan kelajagini, istiqboldagi rivojlanish yo‘lini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda ularning saylovchi sifatidagi huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasida qizg‘in ish olib borilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan aholining huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga doir tadbirlar dasturi asosida saylovchi opa-singillarimizning elektoral faolligini oshirishga O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarning “Ayollar qanoti” ham faol kirishgan.

– Partiyamiz a'zolarining 92 ming nafardan ziyodi, ya'ni 47,7 foizi xotin-qizlardir, – deydi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisining xotin-qizlar va yoshlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari F. Muhammedjonova. – Safimiz yanada kengayishi yo‘lida faol ish olib borayapmiz. Chunki bu bizga opa-singillarimizning huquq va manfaatlarini siyosiy darajada ilgari surishga yordam beradi.

Biz ayollarning saylovda ishtirokini, partiyalarga bo‘lgan munosabatini doimiy o‘rganib boramiz, ularning siyosiy huquqlari ta'minlanishi holatini tahlil qilamiz. Shu asosda tegishli chora-tadbirlar dasturini belgilab olayapmiz. Prezident saylovi arafasida ayollarning huquqiy madaniyati va siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan “Xotin-qizlar va siyosat”, “Xotin-qizlar faolligini oshirishda siyosiy partiyalarning roli”, “Xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va ularda yetakchilik qobiliyatlarini shakllantirishning dolzarb vazifalari”, “Milliy tiklanish g‘oyalarini targ‘ibot va tashviqot qilishda ayollarning o‘rni” mavzularida seminar-treninglar o‘tkazayapmiz. Ushbu tadbirlar natijasida opa-singillarimiz o‘z huquqlari bilan yanada chuqurroq tanishish bilan bir qatorda, Prezident saylovida ovoz berishning ahamiyatini teran anglab yetishmoqda.

– Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e'tibor ishbilarmon xotin-qizlarimiz uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda, – deydi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari M. Akramova. – Tadbirkor ayollarimiz hududlar iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shmoqda. Ular nafaqat iqtisodiy, ayni paytda siyosiy faol bo‘lib borayapti. Shu bois partiyamiz elektorati orasida opa-singillarimiz soni tobora o‘smoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi e'lon qilinishi bilanoq biz saylovchi xotin-qizlarning elektoral faolligini yanada oshirish tadbirlar rejasini ishlab chiqdik. Shu kunlarda mamlakatimizning olis qishloq tumanlarida ayollarimiz bilan uchrashar ekanmiz, ularning jamiyat hayotidagi maqomini izchil yuksaltirish, saylov qonunchiligi borasidagi bilimlarini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratayapmiz, ularning ovoz berishda faol qatnashishining ahamiyati haqida suhbatlashmoqdamiz. Xotin-qizlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb qilish, ularning bandligini ta'minlash, biznes g‘oya va tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu sa'y-harakatlar ayollarimiz ijtimoiy-iqtisodiy va maishiy turmush sharoitlarini yanada yaxshilash hamda ularning siyosiy faolligini yuksaltirishga xizmat qiladi. Binobarin, hozirgi kunda aynan ishbilarmon, faol opa-singillarimiz mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning bevosita ishtirokchilari hisoblanishadi.

– Bugun mamlakatimiz muhim ijtimoiy-siyosiy tadbir arafasida turibdi, – deydi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish sektori mudiri G. Asatova. – Partiyamiz saylov kampaniyasiga faol kirishdi va saylovda munosib ishtirok etishni niyat qilgan. Ayni kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning saylovoldi tashviqoti olib borilmoqda. Partiyaning “Ayollar qanoti” aholining, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning saylovda faolligini oshirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bugungi kunda O‘zXDP safida 201 ming nafardan ortiq xotin-qizlar bor. Biz ularning elektoral faolligini yuksaltirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirayapmiz. Shu kunlarda joylardagi bo‘limlarimiz tomonidan mahallalar, korxona va tashkilotlar, ta'lim muassasalarida “O‘zXDP g‘oyalari va Saylovoldi dasturini tashviqot qilishda ayollarning o‘rni”, “Saylovoldi tashviqotida xotin-qizlarning ishtiroki”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xotin-qizlar saylov huquqlarining amalga oshirilishini ta'minlash” kabi mavzularda tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ularda partiyamiz faollari xotin-qizlarga milliy saylov qonunchiligi qoidalari, fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari, ovoz berish, shu jumladan, muddatidan oldin ovoz berish tartibi, ularning saylovda ishtirok etishi ahamiyatini tushuntirishmoqda. Bu sa'y-harakatlar, shubhasiz, opa-singillarimizning huquqiy bilimlarini oshirishga, ularning fuqarolik faolligi o‘sishiga, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish, Vatanimiz kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, ular 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda ovoz berish huquqidan foydalanishadi.

– O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning mehnat qilishi, dam olishi hamda farzandlari tarbiyasiga zarur shart-sharoitlarni yaratishdir, – deydi “Adolat” SDP Siyosiy kengashi Markaziy apparati ayollar va yoshlarning siyosiy faolligini oshirish bo‘limi boshlig‘i R. Urmanova. – Bugungi kunda partiyamiz a'zolarining yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu ularning fuqarolik faolligini oshirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlarning ifodasidir. 2014 yilgi parlament va mahalliy vakillik organlariga saylovlar yakunlariga ko‘ra, partiyamizning ikki nafar vakilasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, 200 nafardan ortig‘i esa xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga saylandi. Bundan tashqari, joriy yilgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasida partiya “Ayollar qanoti”ning to‘rt nafar faoli hamda mahalliy Kengash ayol deputati Narimon Umarovning ishonchli vakilidir. Bundan tashqari, partiyamiz kuzatuvchilarining 47,4 foizi “Ayollar qanoti” faollari bo‘lib, ular 4 dekabr kuni 9 mingdan ortiq saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini kuzatishadi. Biz partiyamiz safida opa-singillarimiz soni yanada ko‘payishi yo‘lida barcha sa'y-harakatlarni ishga solganmiz. Zero, bu partiyamiz g‘oyalarini, shu jumladan, xotin-qizlarimiz manfaatlari va nuqtai nazarlarini davlat darajasida ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugun mamlakatimizdagi siyosiy partiyalarning “Ayollar qanoti” o‘z atrofida minglab opa-singillarimizni birlashtirgan real kuchga aylandi. Bu jamiyatimizda xotin-qizlarning maqomini, huquqiy madaniyatini oshirish, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan turli g‘oya va qarashlar, deganidir. Pirovardida bularning barchasi opa-singillarimizning 4 dekabr kuni mamlakat kelajagi uchun ovoz berishida mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ziyoda AShUROVA,

«Xalq so‘zi» muxbiri.

Mavzuga oid