Jamiyat | 13:04 / 23.11.2016
7452
3 daqiqa o‘qiladi

CNN efirdagi noo‘rin savoli uchun uzr so‘radi

Foto: Tjournal.ru

Amerikaning CNN telekanali ko‘rsatuvlaridan birida noo‘rin savolni ekranga joylashtirgani uchun rasman kechirim so‘radi. 21 noyabr kuni teleboshlovchi Jim Sciutto The Lead (Yetakchi) tok-shousida ko‘rsatuv mehmoni, AQSh o‘ta o‘ng kayfiyatdagi harakat yetakchisi Richard Spencer bilan muloqot o‘tkazgan. O‘shanda, ekranda «O‘ta o‘ng harakat rahbari yahudiylar insonmi, deb so‘ramoqda» degan yozuv qo‘yilgan.

Avvalroq, Spenser Vashingtonda bo‘lib o‘tgan anjumanda, Trampning g‘alaba qozonish imkoniyatlarini minimal baholagan siyosiy ekspertlarni keskin tanqid qilgan edi. Uning o‘zi yangi saylangan prezident tarafdori hisoblanadi. 

“Qiziq, bu odamlar, haqiqiy odamlarmi yoki Jon Oliver bir kun avval aytganini qandaydir qora kuchlar takrorlashga majburlaydigan ruhsiz golemlarmi? Respublikachi strateglar va siyosiy maslahatchilar bizlarni kuniga kechqurun NBC telekanalida tanqid qiladi-ya”, - degan edi Richard Spenser. 

Gap shundaki, CNN xodimlari Spenser so‘zlaridan iqtibos keltirar ekan, uning kim haqida so‘z yuritayotganiga oydinlik kiritgan qismini qisqartirib, ekranda «Ultra o‘ng kayfiyatdagi harakat yetakchisi yahudiylar insonligini shubha ostiga qo‘ymoqda», -degan so‘zlarni qoldirgan.

Aslida esa, Spenser yahudiylarni himoya qilish uchun ravvin Lyov tomonidan gildan yasalgan ulkan golem haqidagi afsonaga tayangan, xolos. Shu bilan o‘ta o‘ng kayfiyatdagi harakat rahbari Trampning zaifligi haqida bong urganlar aslida uchinchi tomonlarga xizmat qiluvchi, shunchaki «gapiruvchi boshlardir» deyishni iroda qilgan. 

CNN telekanalining bunday qisqartirmasi ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng, CNN rahbariyati tomoshabinlardan uzr so‘rashga majbur bo‘lgan. 

“Biz uzoqni ko‘ra olmaganimiz sababli shunday noshudlik qildik. Biz o‘z afsusimizni bildiramiz va kechirim so‘raymiz”, - degan telekanal rahbariyati. 

So‘nggi vaqtlarda, CNN telekompaniyasi Tramp va uning tarafdorlarini tanqid qilish maqsadida bir necha marotaba o‘zini noqulay vaziyatlarga solib qo‘ydi. Masalan, oktabr oyi oxirlarida respublikachi kongressmen bilan suhbat olib borilayotganda, siyosatchi Hillari Klinton haqidagi WikiLeaks ma'lumotlarini yodga olishi bilan bevosita muloqotni uzib qo‘ygan edi. 
 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid