Jahon | 19:40 / 23.11.2016
29688
7 daqiqa o‘qiladi

Forbes: Trampning kuyovi qaynotasiga Oq uyni olib berdi

Foto: © AP Photo/John Minchillo

Donald Trampning kuyovi – 35 yoshli Jared Kushner – Respublikachilar partiyasidan nomzodning AQSh prezidentlik saylovida g‘alaba qozonishida hal qiluvchi bo‘lmasa-da, yetakchi o‘rin tutgan. Amerikaning Forbes jurnali "Jared Kushner qanday qilib Trampga Oq uyni olib berdi?" maqolasida shunday xulosa qilmoqda

Nashrga ko‘ra, ushbu maqola Kushnerning o‘z qaynotasi saylovoldi kampaniyasi haqidagi ilk intervyusi, "uning atrofidagi o‘nlab insonlar bilan suhbatlar", xususan Kushnerning rafiqasi Ivanka Tramp, AQShning sobiq davlat kotibi Genri Kissinjyer, biznes-magnatlar Erik Shmidt (Alphabet va Google kompaniyalari), Piter Til (PayPal), Rupert Merdoklar (News Corp) bilan olib borilgan muloqotlarga asoslangan. Jumladan, Rupert Merdok "yaqin 4-8 yilda Oq uy"ni Kushner boshqaradi va u "vitse-prezidentdan keyingi eng ta'sirli inson bo‘lar", - degan fikrni bildirgan edi.  

AFP / MANDEL NGAN

Ha aytgancha, yangi tashkil etilayotgan ma'muriyat, qonunchilikdagi har qanday bo‘shliqlarni prezident kuyoviga Oq uyning g‘arbiy qanotida biron lavozim taqdim etish imkoniyatini topish ilinjida o‘rganmoqda. Bunga, marhum prezident Jon Kennedi ukasi Robertni adliya vazirligiga tayinlaganidan so‘ng, qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘ymaslik borasida qabul qilingan qonunchilik me'yorlari yo‘l qo‘ymayapti, deyiladi maqolada. Ammo, har qanday holatda ham, Forbes jurnaliga ko‘ra, hech bir qonun prezidentga o‘zi istagan inson bilan maslahatashishga to‘sqinlik qila olmaydi. 

Nashrning o‘zi Trampni, elektron pochtasidan quyidagicha foydalanadigan "luddit"deb atamoqda. Ya'ni, Tramp go‘yoki, "qog‘ozga maktubini qoralab, so‘ngra uni yordamchisiga beradi va skan qilib, ilova sifatida yuborishni tavsiya qiladi". 

Biroq, u ijtimoiy tarmoqlar, jumladan Twitter ahamiyatini yaxshi anglaydi. Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasi ijtimoiy tarmoqlar xizmatidan kam foydalanayotganini tushunib yetishi bilanoq, kuyovidan yordam so‘radi. Uning esa bu borada "kerakli tanishlari yetarlicha topilar edi". Masalan, o‘zi kabi tadbirkor ukasi Josh, Til va Xitoyning Alibaba internet-kompaniyasi asoschisi Jyek Malarni aytish mumkin.

FilmMagic

"Men Kremniy vodiysidagi raqamli marketing bo‘yicha dunyodagi eng zo‘r mutaxassislar bo‘lgan do‘stlarimga qo‘ng‘iroq qildim va bu ishni qanday qilib aylantirish bo‘yicha maslahat so‘radim, -deb hikoya qilgan Kushner. – Ular menga pudratchilarini berishdi".

Siyosatda biznes-texnologiyalarni joriy qilishdagi ilk sinov "Facebook tarmog‘ida Trampni brend sifatida kichik targ‘ib qilishdan boshlandi. Va bu ish berdi: saylovoldi timsollari tushirilgan kepkalar, mayka va boshqa esdalik jihozlari savdosi kuniga 8 ming dollardan, vaqti kelganida 80 ming dollargacha ko‘tarildi". Keyinroq, Kushner Donald Trampning shunchaki kameraga qarab gapirgan lavhalarini tayyorlash va e'lon qilish uchun yana 160 ming dollar sarfladi. Ularni kamida 74 mln marta tomosha qilishgan. 

Ayni shu qoida, ya'ni "arzon, ammo samarali" usuldan Kushner qaynotasining talabi bilan foydalanishda davom etgan. Shu bilan, iyun oyiga kelib, Tramp kuyovi virtual kenglikdagi ishlarni o‘z nazoratiga olgan edi. Texaslik Bred Parskeyl esa uning o‘ng qo‘li bo‘ldi. Aynan u saylovoldi kampaniyasining "raqamli qarorgohi"ni Texasda barpo etdi. Aytish joizki, u ham xizmatini unchalik qimmatga baholagani yo‘q. Bundan tashqari, "o‘z ishining ustalari asosan ko‘ngillilar bo‘lib, menga o‘z yordamlarini tekin taklif qilishdi", - deb hikoya qilgan Kushner. 

AQSh saylovlar bo‘yicha federal Komissiyasiga asoslangan Forbes jurnalining ta'kidlashicha, oktabr oyi o‘rtalariga kelib, Tramp kampaniyasi, demokratlar nomzodi Hillari Klinton qarorgohi sarflaganidan qariyb ikki barobar kam mablag‘ sarflagan. 

"Biz o‘zgarishlar, omadsizliklardan qo‘rqmadik, barchasini juda arzon va juda tez amalga oshirishga harakat qildik, - degan Kushner. – Agar biron narsa ish bermasa, uni zudlik bilan tark qildik. Barchasini tezlik hal qildik, "ishdan chiqqan" narsalarni zudlik bilan tuzatdik va natija berayotgan narsalarni ko‘proq tarqatdik".

AP/Paul Sancya

"Ma'lumotlar bazasi bilan ishlash saylovoldi kampaniyasining aksar qarorlarini qabul qilishda hal qiluvchi o‘rin tutdi: safarlar yo‘nalishi, mablag‘lar to‘plash, reklama joylashtirish, mitinglar o‘tkazish joylarini aniqlash va hatto ma'ruzalar mavzusini belgilashda qo‘l keldi", - deb yozadi jurnal va sun'y aqldan foydalanishga oid qiziqarli tafsilotlar bilan o‘rtoqlashadi.
 
Natijada, Kushner tizimi "yetarlidan ortiq miqdorda naqd pul tushumiga ega bo‘lgach, uni qayerda sarflashni ham tushunib yetgan edi". Dastavval Tramp uchun umidsiz bo‘lgan Pensilvaniya va Michigan kabi shtatlarda o‘zgarishlar bo‘layotganini sezgach, Kushner maxsus yo‘naltirilgan telereklamani ishga tushirgan, so‘nggi daqiqalardagi mitinglarni uyushtirgan, minglab ko‘ngillilarni xonadonlarga yuborgan va telefonlarga qo‘ng‘iroq qilish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. 

"Jared an'anaviy OAVdan farqli ravishda, internet tarmog‘i dunyosini yaxshi tushungan, - deya Shmidt so‘zlaridan iqtibos keltiradi Forbes jurnali. – U prezidentlik kampaniyasini yangi texnologiyalardan foydalangan holda kamxarajatlar bilan g‘alaba qozondi. Bu juda katta natija. Yodingizdami, ularning puli, odamlari, tashkiliy tuzilmasi yo‘q, deya jar solishgani? Biroq, ular g‘alaba qozondi, Jared ularni g‘oliblik sari yetakladi".


 

Mavzuga oid