O‘zbekiston | 21:22 / 30.11.2016
24352
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Dushanbega ilk parvozni amalga oshirdi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi Tojikiston poytaxti Dushanbe shahriga ilk parvozni amalga oshirdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

«30 noyabr kuni Toshkent – Dushanbe – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi charter reysni amalga oshirdi», — deyilgan xabarda.

Bundan oldinroq Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida aviaqatnovlarni tiklash bo‘yicha kelishuv imzolangani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Tojikiston aviatsiya muassasasi rahbari Yusuf Rahmon «mazkur bazaviy hujjat asosida hukumatlararo kelishuv imzolanishi va aviaqatnovlar tiklanishini» aytgan. 

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi parvozlar xavfsizligini nazorat qilish bo‘yicha Davlat inspeksiyasining rahbar o‘rinbosari Oleg Lim O‘zbekiston va Tojikiston aviarahbariyatlari o‘rtasida muammolar yo‘qligini, aviatashuvchilar reyslarni amalga oshirishga kirishishlari uchun asosiy huquqiy baza tayyorlanganini bildirib o‘tgan.

U shuningdek, qaror qabul qilinishida Tojikiston tomonining rolini ham qayd etib o‘tdi.

«Aynan Tojikiston aviarahbariyati tufayli biz bugun mana shunday o‘zaro manfaatli qarorga keldik. O‘zbekiston tomoni yanvardan Dushanbega parvozlarni amalga oshirishga tayyor», — deya Limning so‘zlarini keltirgan RIA Novosti agentligi.

Agentlikning ma'lum qilishicha, 2017 yilning yanvaridan boshlab Dushanbe-Toshkent-Dushanbe aviareysi haftada ikki marta «Somon-Eyr» va «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnov 1992 yilda Tojikistonda fuqarolar urushi boshlanganidan so‘ng to‘xtab qolgandi. 

Mavzuga oid