Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Qaynoq nuqta”ga aylangan Yaqin Sharq: yuzlab reyslar bekor qilindi
BAAda yuzga yaqin, Isroil aeroportlarida kamida 40ta reys bekor qilingan, shuningdek, Qatar, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Bahrayn, O‘mon, Iroq aeroportlarida ham aviaqatnovlar to‘xtatilgan.
Foto: Yekaterina SIMOXINA
28 fevral kuni Fors ko‘rfazi va Yaqin Sharq mamlakatlarida 260dan ortiq reys bekor qilindi, deb xabar berdi ATOR Cirium tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib.
Xabar qilinishicha, eng ko‘p BAA aviaqatnovlari jabr ko‘rgan. Kun o‘rtasiga kelib yuzga yaqin aviareys bekor qilingan va bu raqam o‘smoqda. Isroil aeroportlarida kamida 40ta reys bekor qilingan, shuningdek, Qatar, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Bahrayn, O‘mon, Iroq aeroportlarida ham aviaqatnovlar to‘xtatilgan.
Mintaqa “qaynoq nuqta”ga aylangani bois qator aviakompaniyalar, jumladan Emirates, flydubai, Qatar Airways, Air India parvozlarni to‘xtatdi.
Dubay xalqaro aeroporti va Ol-Maqtum aeroporti faoliyati to‘xtatildi, deb xabar bergan Dubai Airports. Reyslar qabul qilinmayapti va parvoz qilmayapti, yo‘lovchilardan aeroportlarga kelmaslik so‘ralgan.
Shuningdek, O‘mon poytaxti Maskatdagi aeroport ham yopilgan.
Uzbekistan Airports'ga ko‘ra, bir nechta aviareyslar ortga qaytishga majbur bo‘lgan. Jumladan, Andijon – Madina yo‘nalishida uchgan reys (Fly One Asia) Andijon aeroportiga, Toshkent – Dubay yo‘nalishidagi reys (Qanot Sharq) Toshkent aeroportiga qaytdi.
Madina – Toshkent (Fly One Asia), Madina – Andijon (Fly Khiva) yo‘nalishida uchgan samolyotlar Madina aeroportiga, Jidda – Toshkent yo‘nalishida uchgan samolyot (Air Samarkand) Jidda aeroportiga qaytdi.