Sport | 15:02 / 01.12.2016
14089
2 daqiqa o‘qiladi

Bekobod shahrida boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi

Bekobod shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida 24-30 noyabr kunlari boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi musobaqalar taqvimidan o‘rin olgan joriy yilning yakuniy chempionatida mamlakatimizning barcha viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan tashrif buyurgan 20 jamoa tarkibida 215 nafardan ortiq bokschi g‘oliblik uchun ringga ko‘tarildi.

O‘zbekiston chempionatining eng keskin va murosasiz janglaridan biri o‘ta og‘ir vazn toifasida Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Bahodir Jalolov va xalqaro turnirlar g‘olibi Ulug‘bek Mubinov o‘rtasidagi final jangi bo‘ldi. Oltin medal uchun o‘tkazilgan bellashuvda Bahodir Jalolov bugungi kunda o‘z vazn toifasida tengsiz ekanini yana bir karra isbotladi va oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, o‘z vazn toifasida barcha raqiblarini yenggan Nodir Mirzahmedov (49 kg), Abdulhay Shorahmatov (56 kg), Ulug‘bek Komilov (60 kg), Elnur Abduraimov (64 kg), Bobousmon Boturov (69 kg), Isroil Madrimov (75 kg), Zuhriddin Mahkamov (81 kg) va Bobur Yo‘ldoshev (91 kg) O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston chempionatida g‘olib va sovrindor bo‘lgan iste'dodli sportchilar 2017 yilga mo‘ljallangan xalqaro maydondagi musobaqalarda mamlakatimiz sharafini himoya qiladilar.

Mavzuga oid