O‘zbekiston | 14:56 / 01.12.2016
11144
9 daqiqa o‘qiladi

Inson huquqlarining kafolatli himoyalanishi

Istiqlol g‘oyalarini izchil, og‘ishmay davom ettirish va mustahkamlashni o‘zining eng muhim burchi, deb bilgan BIZNING NOMZOD ShAVKAT MIRZIYoYeV o‘z Saylovoldi dasturida millatlar-aro do‘stlik va fuqarolararo totuvlikni saqlash, tashqi siyosatda o‘zini oqlagan prinsiplar va yondashuvlarga to‘liq amal qilish, yurtimiz xavfsizligini, tinchligini va barqarorligini ta'minlash muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidlagan. Zero, tinchlik va osoyishtalik qaror topmagan joyda xalq farovonligini ta'minlab bo‘lmaganidek, qonun ustuvorligiga erishmay turib rivojlangan va barqaror jamiyat barpo etib bo‘lmasligi tayin.

Saylovoldi dasturida belgilanganidek, sud-huquq sohasidagi islohotlarning asosiy vazifasi sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga so‘zsiz rioya etishni, fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoyasini, odil sudlovning mustahkam kafolatini, odil sudlovni amalga oshirish -faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta'minlashdan iborat.

Ta'kidlash joizki, ushbu choralar inson va uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari oliy qadriyatga aylangan demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning eng muhim omili bo‘lgan sud-huquq tizimini demokratlashtirish borasida mamlakatimizda istiqlolning ilk yillaridan amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Mazkur islohotlar zamirida pirovardida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish, ularning shaxsiy daxlsizlik va odil sudlovga bo‘lgan huquqlarini ta'minlash, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida mutanosiblik va barqaror muvozanatga erishish, jinoiy va ma'muriy jazo tizimini izchil erkinlashtirish maqsadi mujassamdir.

Partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzod sud-huquq sohasida hali-hanuz kuzatilayotgan dolzarb muammolarni ko‘tarib chiqdi. Jumladan, sudda ishlarni ko‘rib chiqishda yo‘l qo‘yilayotgan sansalorlik holatlari aniq ko‘rsatib o‘tildi. Keyingi yillarda sudlar tomonidan birorta ham oqlov hukmi chiqarilmaganini, bundan tashqari, qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligi, asoslangani va adolatliligini ta'minlash sohasida ma'lum kamchiliklar mavjudligini  qayd etdi. Tabiiyki, bu muammolar fuqarolarning haqli ravishda noroziligini keltirib chiqarmoqda. Joriy yilning 9 oyida Bosh prokuraturaga, Oliy sud va Adliya vazirligiga kelib tushgan murojaatlarning qariyb 30 foizi bevosita tergov-sud faoliyati va sud qarorlari ijrosi sohasidagi masalalar bilan bog‘liqligi ham buning yaqqol dalilidir.

Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan muammolarni hal qilishning aniq usullari, sohani yanada isloh etish, fuqarolar huquqlarining ishonch¬li himoyasini kuchaytirish hamda odil sudlovni ta'minlashning puxta o‘ylangan strategiyasi taklif etildi. Saylovoldi dasturida sudyalarning vakolat muddatlarini uzaytirishga alohida e'tibor qaratilgan. Sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng muddatsiz davrga ta¬yinlash taklif etilmoqda. Bu qadam xalqaro standartlarga to‘liq mos keladi hamda rivojlangan demokratik davlatlarning ilg‘or tajribasiga asoslangan. Chunonchi, AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya kabi taraqqiy etgan mamlakatlar amaliyotini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, sudyalarning chinakam mustaqilligiga erishish uchun ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bilan birga, odil sudlov faoliyati bilan uzoq va barqaror shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratish lozim.

Shuningdek, sudlarni yanada ixtisoslashtirish, fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va xo‘jalik sudlarining vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish yo‘li bilan ma'muriy sudlarni, xo‘jalik sudlari tizimida mintaqaviy apellyatsiya sudlarini tashkil etish vazifalari ustuvor hisoblanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasining mavqei va rolini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Sudlarning mus¬taqilligi va ularning faoliyatiga aralashmaslikning qo‘shimcha kafolatlarini yaratish maqsadida adliya organlarining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta'minlash bo‘yicha vazifa va vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga o‘tkazilmoqda.

Faqat qonun asosida adolatli qarorlar qabul qilishga qodir, mustahkam iroda, yuksak axloqiy va kasbiy fazilatlarga ega sudyalar korpusini shakllantirish, sud-tergov faoliyatiga ilg‘or ilmiy-texnik vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bunday choralarni amalga oshirish nafaqat sud tizimi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash, balki fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini ishonchli kafolatlashga xizmat qiladi.

Qolaversa, odil sudlovni kafolatlash, sudyalarning vakolatlarini yanada kengaytirish, sud qarorlarining uzil-kesilligi va barqarorligini ta'minlab, fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga qaratilgan aniq choralar taklif etildi. Viloyat darajasidagi sudlar tomonidan fuqarolik va jinoyat ishlarini nazorat tartibida qayta ko‘rish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi ins¬tantsiyalari tugatilib, o‘z navbatida, tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish vakolati bekor qilinishi nazarda tutildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida ko‘rishga oid bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilinmoqda. Partiyamizdan nomzod jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga yuborish amaliyoti odil sudlovning mohiyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini, sud yoki oqlov, yoki qoralov hukmini uzil-kesil chiqarishi kerakligini bildirdi.

Bir so‘z bilan aytganda, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish borasidagi asosiy vazifalar fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlov kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan. Bu, o‘z navbatida, odil sudlovning muhim sharti bo‘lgan tomonlar tengligi prinsipini to‘liq ishlatish maqsadida advokatura sohasini ham isloh qilishni nazarda tutadi. 

Xalqaro tajribaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, advokat eng nufuzli, obro‘li va ishonchli kasb egasi hisoblanadi. Milliy qonunchiligimizda ham advokatlarning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha asoslar yaratilgan bo‘lsa-da, amaliyotda bu normalar mutlaqo ishlamayotganini afsus bilan qayd etishimiz lozim. Shu munosabat bilan sud-tergov jarayonlarida va umuman sud-huquq sohasida advokatning vakolatlarini kengaytirish va rolini yanada kuchaytirish bo‘yicha qator qo‘shimcha va samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bugungi kundagi yana bir ustuvor vazifamiz – mamlakatimiz rivojiga to‘siq bo‘layotgan yovuz illat, ya'ni, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquq¬buzarlikning oldini olish masalalarini samarali hal etishdan iborat. Bu jarayonda mahalla imkoniyatlaridan samarali foydalanish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarda qonunga hurmat, huquqbuzarlik holatlariga murosasizlik hissini kuchaytirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va ularning profilaktikasi samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratilgan. 

BIZNING NOMZOD ShAVKAT MIRZIYoYeV tomonidan sud-huquq sohasiga doir taklif etilgan ana shu va boshqa demokratik yangiliklar fuqarolar huquqlari va erkinliklari tizimini izchil takomillashtirish va mustahkamlashga qaratilgan. Ularning ro‘yobga chiqarilishi mamlakatimiz sud-huquq tizimini sifat jihatidan yangi bos-qichga ko‘tarish, fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlarining ishonchli himoyasini ta'minlash, aholining odil sudlovga ishonchini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Nomzodimiz saylovoldi dasturi shiorlaridan biri: “Bitta maqsad bizni birlashtiradi, u ham bo‘lsa: Vatanimiz taraqqiyotidir!” 

Bu ezgu maqsad yurtimiz ertasida o‘z in'ikosini topsin, mamlakatimiz kelajakda dunyoning eng taraqqiy topgan davlatlari qatorida o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lsin, degan fuqarolarni BIZNING NOMZOD – ShAVKAT MIRZIYoYeV uchun ovoz berishga chaqiramiz.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

Reklama huquqi asosida.

Mavzuga oid