Jamiyat | 17:52 / 01.12.2016
9401
3 daqiqa o‘qiladi

Uddaburon “tadbirkor” ozodlikdan mahrum etildi

Foto: Huffingtonpost.com

Toshkent shahrida yashovchi Luiza Turg‘unova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) osonlik bilan boylik orttirish ilinjida, dastlab o‘zi, so‘ng boshqa shaxslarning nomiga milliy valyutaga AQSh dollarini Markaziy bank tomonidan belgilangan qiymatlarda “VISA EXCHANGE” to‘lov plastik kartalariga tushirish bilan shug‘ullanadi, deb yozmoqda “Huquq” nashri.

So‘ng plastik karta ochilgan shaxslardan mazkur kartalarni olib, ishga kirishadi, ya'ni respublika hududidan tashqarida hamda chegaraga yaqin hududlarda plastik kartalarni noqonuniy sotib olish va naqdlashtirish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy sheriklari bilan kelishgan holda ularni AQSh dollariga sotadi. Ushbu dollarlarni esa “qora bozor”da milliy valyutaga almashtirib, olingan daromadni shaxsiy manfaati uchun ishlatadi.

U kelajakdagi dabdabali hayotini ta'minlanishi uchun 2015 yil davomida hamda 2016 yilning mart oyiga qadar 13 nafar fuqaroni 50 ming so‘mdan haq evaziga yollaydi. Avval o‘zining, keyin yollanma shaxslarning nomiga ATIB “Ipoteka bank”ning Olmaliq filialidan “VISA EXCHANGE” xalqaro to‘lov plastik kartalari ochib berilishiga erishadi.

L.Turg‘unova dastlabki tergovda shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan Salem ismli ayol bilan jinoiy til biriktiradi. O‘zining va 13 nafar fuqaroning nomiga ochilgan “VISA EXCHANGE” xalqaro to‘lov plastik kartalariga 27 ming 985 AQSh dollarini Markaziy bank tomonidan belgilab berilgan qiymatda sotib olib, Salemga o‘tkazadi va u orqali AQSh dollariga naqdlashtirib, “qora bozor”da mavjud tafovut evaziga noqonuniy foydani qo‘lga kiritadi.

Ushbu ishni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Olmaliq shahar sudi L.Turg‘unovani JKning tegishli moddalari bilan aybdor deb topib, 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid