Jahon | 15:18 / 11.12.2016
5957
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti Konstitutsiyadagi eng muhim o‘zgarishga diqqatni qaratdi

Foto: RIA

Qirg‘iziston prezidenti Konstitutsiyaga o‘zgarishlar kiritishga doir referendum demokratiya va mamlakat mustaqilligini mustahkamlash sari qo‘yilgan katta qadam bo‘lishiga umid qilmoqda. Almazbek Atambayevning yakshanba kuni saylov uchastkasida bergan bayonotiga asoslanib, RIA "Novosti" xabar berdi. 

"Mamlakatda bugungi kundagi ijobiy o‘zgarishlar saqlanib qolishi uchun xalq ushbu referendumni qo‘llab-quvvatlaydi, deb orzu qilaman va shunga umid bildiraman", - dedi Atambayev. 

Uning fikricha, Konstitutsiyadagi eng muhim o‘zgarish - mamlakat mustaqilligini mustahkamlash. Shuni ta'kidlash joizki, Asosiy qonundagi o‘zgarishlar to‘rt blokdagi muammolar yechimini topishga qaratilgan: hukumat tarmoqlari orasidagi o‘zaro hamkorlik tamoyillarini aniqlashtirish, huquqni muhofaza qilish va sud tizimi islohotlari, qirg‘iz jamiyatida yuksak qadriyatlar tizimini shakllantirish va davlat tili (qirg‘iz tili) hamda rasmiy tildagi (rus tili) matnlar o‘rtasidagi nomuvofiqlikni bartaraf etish. 

O‘zgarishlar Konstitutsiyaning jami 30 moddasiga tegishli bo‘ladi. Xususan, Asosiy qonundan respublikani inson huquqlari bo‘yicha xalqaro organlarning qarorlarini bajarishga undovchi norma olib tashlanadi. 

Bundan avval bugun, 11 dekabrda Qirg‘izistonda joriy Konstitutsiyaga o‘zgarishlar kiritish bo‘yicha umuxalq referendum bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergan edik. Referendum bilan bir paytda respublikada mahalliy kengash saylovlari ham o‘tkazilmoqda. 

Ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarning 30 foizdan ortig‘i ovoz berish jarayonida ishtirok etsa, referendum bo‘lib o‘tgan deb hisoblanadi. 
 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid