Jahon | 22:15 / 13.12.2016
8039
2 daqiqa o‘qiladi

Gambiyada harbiylar saylov komissiyasi shtabini egallab olishdi

Foto: EPA

Gambiya xavfsizlik xizmati xodimlari mamlakat prezidenti mag‘lubiyati bilan yakunlangan saylovda ishlagan saylov komissiyasi shtabini egallab oldi. Bu haqda saylov komissiyasi raisiga asoslangan holda Reyter agentligi xabar bergan.

"Harbiylar mening xonamga bostirib kirishdi va boshqa hech narsaga qo‘l tekkizmasdan binoni tark etishga buyruq berishdi. Men o‘z xavfsizligimdan xavotirdaman", degan u.

Saylov komissiyasining boshqa bir xodimini esa binodan chiqarishmagan.

Gambiyani 1994 yildan beri boshqarib kelayotgan Yayya Jamme 1 dekabrda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida 36,7 foiz, uning muxolifatchi raqibi, Birlashgan demokratik partiya nomzodi Adam Barrou esa 45,5 foiz ovoz olib yengilgandi.

3 dekabrda Jamme mag‘lubiyatini tan oldi, biroq bir haftadan so‘ng saylov komissiyasidagi «yo‘l qo‘yib bo‘lmas kamchiliklar»ni ro‘kach qilib, yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirdi.

Barrou esa o‘zini muvaqqat davlat rahbari deb e'lon qilib, Jamme saylov natijalariga e'tiroz bildirishga haqli emasligini e'tirof etmoqda.

Bir muddat ilgari Afrika ittifoqi Jammeni iste'fo berishga chaqirgan edi.

Shuningdek, G‘arbiy Afrika mamlakatlari iqtisodiy hamjamiyati delegatsiyasi, shu jumladan, uning tarkibidagi to‘rt nafar prezident Gambiyaga yo‘l olib, amaldagi davlat rahbari Yayya Jamme hokimiyatni topshirgisi kelmayotgani tufayli kelib chiqqan siyosiy inqirozni bartaraf etishda qatnashishi haqida xabar berilgan.

Guruhga Liberiya prezidenti Ellen Jonson-Sirlif boshchilik qiladi. Gambiya poytaxti Banjulga, Nigeriya, Serra-Leone va Gana rahbarlari Muhammadu Buxoriy, Ernest Bay Koroma va Jon Dramani Maxama yo‘l oladi. Delegatsiya Jammedan hokimiyatni saylangan prezident Adama Barrouga topshirishni talab qiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid