Sport | 09:40 / 13.12.2016
19705
2 daqiqa o‘qiladi

Ronaldu 2017 yilgi «Oltin to‘p»ni ham o‘ziniki qilmoqchi

Madridning «Real» klubi va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu 2016 yilgi «Oltin to‘p» sovrinini qo‘lga kiritgach, o‘z muvaffaqiyatini keyingi yilda ham takrorlash niyatida ekani haqida gapirib o‘tdi. Uning so‘zlari France Football jurnalida keltirilgan.

Ronalduga «Oltin to‘p» dushanba oqshomida topshirildi. Bu mukofot uchun jami 30 futbolchi da'vogarlik qilgandi. Ronaldu uchun bu to‘rtinchi «Oltin to‘p» hisoblanadi. Bungacha u 2008, 2013 va 2014 yillarda yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida taqdirlangan.

«To‘rtinchi «Oltin to‘p» sovrinini qo‘lga kiritish men uchun katta sharaf. Orzuim yana amalga oshdi. Men hech qachon 4 marta bu sovrinni yutaman deb o‘ylamagandim. Men buning uchun jamoadoshlarimga minnatdorchilik bildiraman. Men juda baxtiyorman».

«Bu muvaffaqiyatimni keyingi yilda ham takrorlash uchun bor imkoniyatlarimni ishga solaman. Bu juda qiyin bo‘ladi. 

2016 yil mening faoliyatimdagi eng yaxshi yil bo‘ldi. Portugaliya terma jamoasi bilan chempion bo‘lish - buni ifodalashga so‘z ojiz. Men «Real» bilan Chempionlar ligasida va terma jamoa bilan Yevropa chempionatida g‘olib bo‘lganimni aslo yodimdan chiqarmayman», degan futbolchi.

Endilikda portugaliyalik futbolchi «Oltin to‘p» sovrinlari soni bo‘yicha  «Barselona»ning argentinalik hujumchisi Lionel Messidan bitta farq bilan ortda qolmoqda.

Mavzuga oid