Jahon | 08:49 / 14.12.2016
10146
2 daqiqa o‘qiladi

Belarus "Yevropa qora tuynugi" deb ataldi

Qatl jazosini qo‘llaydigan Belarus "Yevropa qora tuynugi" deb ataldi. Bu haqda 13 dekabrda Yevropa kengashi parlament assambleyasi (PASe) ma'ruzachisi Andrea Rigoni Minskdagi anjumanda aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda "BelaPAN".

"Biz Belarus Yevropa Kengashiga kirishini juda istaymiz", deb aytdi Rigoni. Uning aytishicha, Belarus PASega maxsus taklif qilingan davlat maqomidan 1997 yilda mahrum etilgan va uning bu tashkilotga qaytishiga mamlakatda qatl jazosi qo‘llanishi to‘siq bo‘lmoqda.

Rigonining aytishicha, ular Belarusdan o‘z an'analari, qonunlari va fuqarolarga munosabatini o‘zgartirishni so‘rashmayapti, balki juda bo‘lmasa vaqtinchalikka qat'iy jazo chorasidan voz kechishga chaqirishmoqda. "Keling bir yilga taqiqlov kiritamiz va bu chora vaziyatga qanday ta'sir qilishini ko‘ramiz", deb aytgan PASe vakili. Uning aytishicha, qatl jazosining qo‘llanishi og‘ir jinoyatlar miqdorini kamaytirmaydi.

2016 yilda Belarusda 3 ta qatl jazosi ijro etilgan. Belarus Yevropada hali ham qatl jazosi qo‘llanadigan yagona davlat hisoblanadi. 1996 yilda bu jazoning bekor qilinishi masalasi umumxalq referendumiga olib chiqilgan va uning natijasiga ko‘ra, bu jazoning saqlab qolinishiga 80,5 foiz aholi o‘z roziligini bildirgan. Yevropa Ittifoqi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga bu jazoni bekor qilish iltimosi bilan murojaat qilgan, biroq Lukashenko bunga ba'zi hollarda qatl jazosi zarurligi bilan javob bergan.

 

Mavzuga oid