Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropada tanosil kasalliklari keskin ko‘paydi
Yevropa kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi (ECDC) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Yevropada jinsiy yo‘l bilan yuquvchi infeksiyalar rekord darajaga yetgan. Ayniqsa, gonoreya, sifilis va tug‘ma sifilis holatlarining keskin ko‘payishi mutaxassislarda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
Foto: AP
ECDC tomonidan 21 may kuni e’lon qilingan press-reliz va hisobotlarda qayd etilishicha, 2024 yilda Yevropada gonoreya bilan kasallanish holatlari 106 ming 331 tani tashkil etgan. Bu 2015 yilga nisbatan 303 foizga ko‘pdir.
Shu davr mobaynida sifilis bilan kasallanish holatlari ikki baravardan ortiq oshib, 45 ming 577 nafarga yetgan. Xlamidioz esa 213 ming 443 holat bilan eng ko‘p qayd etilgan jinsiy yo‘l bilan yuquvchi infeksiya bo‘lib qolmoqda.
ECDC infeksiyalar bo‘limi rahbari Bruno Chianchioning ta’kidlashicha, so‘nggi 10 yilda venerik kasalliklar soni muntazam oshib kelmoqda va 2024 yilda bu ko‘rsatkich rekord darajaga chiqqan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davolanmagan hollarda bunday infeksiyalar surunkali og‘riq, bepushtlik, sifilis holatida esa yurak va asab tizimi bilan bog‘liq jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin.
Mutaxassislar kasallik alomatlari paydo bo‘lganda zudlik bilan tekshiruvdan o‘tish muhimligini yana bir bor eslatdi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, kasalliklarning tarqalish tendensiyasi turli aholi guruhlarida har xil kechmoqda. Xususan, ayrim erkaklar orasida gonoreya va sifilis bilan kasallanishning uzoq muddatli o‘sishi eng yuqori darajada qayd etilgan.
Shu bilan birga, ba’zi aholi orasida ham, ayniqsa reproduktiv yoshdagi ayollar o‘rtasida sifilis holatlari ko‘paymoqda. Bu esa tug‘ma sifilis holatlarining deyarli ikki baravar oshishiga sabab bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda Yevropaning 14 davlatida 78 ta tug‘ma sifilis holati qayd etilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 140 taga yetgan.
ECDC mutaxassislari infeksiyalar tarqalishining oldini olish uchun profilaktika xizmatlarini kengaytirish, test topshirish imkoniyatlarini osonlashtirish, tezkor davolash va bemorlarning jinsiy sheriklarini o‘z vaqtida xabardor qilish tizimini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Markaz Yevropa davlatlari sog‘liqni saqlash idoralarini jinsiy yo‘l bilan yuquvchi infeksiyalarga qarshi milliy strategiyalarni yangilash va epidemiologik nazorat tizimlarini mustahkamlashga chaqirgan.
Mavzuga oid
08:21 / 20.05.2026
Dunyodagi eng yirik elektr energiyasi manbalari reytingi
08:49 / 19.05.2026
AQSh va Kanada shaharlari Yevropaga ko‘chirilsa, qayerga to‘g‘ri keladi?
18:11 / 30.04.2026
2025 yilda global harbiy xarajatlar rekord darajaga yetdi
10:53 / 24.04.2026