Jamiyat | 16:24 / 17.12.2016
41743
14 daqiqa o‘qiladi

Tilga e'tiborli bo‘lish jannatning kafolatidir

Foto: Reuters

Bismillahir rohmanir rohiym

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollalohu alayhi vasallamga behisob salovotu durudlarimiz bo‘lsin!

Sahl ibn Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim menga ikki oyog‘i orasidagi narsaning va ikki jag‘i orasidagi narsaning kafolatini bersa, men unga jannatning kafolatini beraman», dedilar».

Buxoriy va Termiziy rivoyat qilishgan.

Insonning jannatiy bo‘lishi uchun sabablar ko‘p bo‘lib, ulardan biri insonning ikkita a'zosini Alloh harom qilgan narsadan saqlay olsa, kimki ular borasida taqvo qila olsa, shu ikki a'zoni gunohu kabira bilan buzib qo‘ymasa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shu insonni jannatiy bo‘lmoqligiga kafolat bermoqdalar.

Bir tarafdan olib qaraganimizda o‘ta qiyin holatdek tuyulishi mumkin, lekin boshqa tarafdan esa, buning evaziga abadiy jannat berilishini tasavvur qilsak, bu ikkisi o‘ta oson ishdir. Chunki bizlar uchun eng katta va qiyin ishlar – katta mablag‘larni talab qiladigan yoki o‘ta katta jismoniy harakatlarni, qudratli imkoniyatlarni talab qiladigan ishlar bo‘ladi.

Bu ikkalasida esa bunday qiyinchiliklar yo‘q. Aksincha, bu ikki a'zoni saqlashda tejamkorlik, mo‘'tadillik va yaxshilik bor.

Shu ikkala a'zoni Alloh harom qilgan narsalardan asrashning imkoniyati barchalarimizda bor ekanligiga qaramasdan, bu illat xozirgi kunda aksar odamlar mubtalo bo‘lgan kasallikka aylanib, o‘sha a'zolarni haromdan saqlay olishning o‘zi katta muammo bo‘lib qolgan.

Jumladan, ikki jag‘ning orasidagi tilni saqlashlik eng dolzarb masalaga aylanib, bu ancha mushkuldir. Chunki bu tildan bitta emas, beshta emas, o‘nta emas, balki undan ham ko‘proq jinoyatlar sodir etiladi. Tilga ozgina ehtiyotsizlik qilinsa, har bir lahzada jinoyat sodir etib qo‘yishi mumkin.

Agar shu hadisi sharifga amal qilinsa, mo‘min-musulmonlar ichida fitna ham, fasod ham bo‘lmaydi, yolg‘on, bo‘hton, tuhmat va boshqa hamma ishlarga umuman barham beriladi. Hozirgi kundagi asosiy janjallar, kelishmovchiliklar, qon to‘kishliklar, fitna-fasodlar, firqavozlik, guruhvozlik, musulmon bo‘lib turib bir-birini o‘ldirish, adovat ko‘rsatib bir-biriga qarshi rejalar tuzish, hattoki o‘ldirishdan rohatlanish, o‘ldirish uchun qancha-qancha mablag‘ va kuch-quvvatini sarflash – bularning barchasi shu tilning orqasidan kelmoqda. Chunki bu til yolg‘on gapirib qo‘yadi, tuhmat qiladi, kimnidir kofirga yoki fosiqga chiqaradi va hokazo. Til bir so‘zni aytganidan keyin shu so‘zni amalga oshiraman deb, inson qanchadan-qancha gunohu ma'siyatlarga botadi.

Ammo ulug‘larimiz hayot kechirgan saodat asrida bu holat ancha-muncha yaxshi bo‘lgan, chunki muhit va shart-sharoit ijobiy, odamlar sodda, aldam-quldamni bilmaydi, haromdan taqvo qiladi, atrofdagi barcha odamlar bir-birini iymonga, yaxshilikka chaqirib turadi, ozgina bir aybi bo‘lsa, tanbeh berib, ogohlantiradi. Nima uchun? Chunki, o‘zining birodarini, qo‘shnisini, o‘zining safdoshini jahannamiy bo‘lishini xohlamaydi. Xato va kamchiligini ko‘rsa, unga og‘ir botsa ham aytadi, ogohlantiradi.

Hozirchi? Unday narsalar deyarli yo‘q bo‘lib qoldi, amru ma'ruf va nahiy munkar oramizdan ko‘tarilmoqda. «Ko‘rganingga salom ber», «yukini ko‘tarishib yordamlash», «yo‘ldan o‘tkazib qo‘y», «axlatni, zarar beradigan narsani olib tashla» va boshqa shu singari amru ma'ruf, yaxshilika chaqirish holatlari bor ichimizda. Biroq bir-birlarimizni yomonlikdan qaytarish, ya'ni nah'i munkar sekin-asta unutilmoqda.

Alloh taolo nah'i munkarni tark etgan avvalgi qavmlar haqida aytadi:

«Bani Isroildan kufr keltirganlar Dovud va Iyso ibn Maryam tilida la'natlandilar. Bu esa, isyon qilganlari va tajovuzkor bo‘lganlari uchun bo‘ldi. Ular qilingan yomon ishdan bir-birlarini qaytarmas edilar. Bu qilmishlari qanday ham yomon bo‘ldi!»(Moida surasi, 78-79-oyatlar).

Bugungi musulmonlar ushbu qoidani esdan chiqarib qo‘yganlari, boshlariga tushayotgan musibatlarga sabab bo‘layotgan bo‘lsa ajab emas, zero quyidagi hadisda ham xuddi shu haqida ogohlantirilgan.

Adiy ibn Umayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

«Odamlar o‘z oralarida yomonlikni ko‘rib turib, uni inkor etishga qodir bo‘lib turib, inkor qilmay yurmagunlaricha Alloh ozchilikning amali uchun ko‘pchilikni azoblamaydi. Agar shunday qilsalar, Alloh xosni ham, omni ham qo‘shib jazolaydi», dedilar».

Imom Ahmad rivoyat qilgan.

Nah'i munkar bizlarning oramizdan ham ko‘tarilib ketib qoldi. Gunohu ma'siyat qilib turganini ko‘rsak ham, «Menga nima?», deymiz. Birov bilan so‘kishib, urushib turgan bo‘lsa, borib ajratishni o‘rniga, telefondan suratga olib, internetda tarqatib yuboramiz. Yoki kimdir fojiaga uchrab, o‘lim yoqasida chalajon bo‘lib, qonga belanib yotibdi. Tez yordamni chaqirish yoki uning yoniga borib qandaydir yordam berishni o‘rniga, telefonni chiqarib suratga olamiz-da, «Buni birinchi bo‘lib men tarqatdim», deb faxrlanishlik uchun nima bo‘lsa sarflaymiz. Kimnidir o‘lim bilan jon talashib yotganligini tarqatib, xursand bo‘lamiz. Kimdir kelib: «Mana bu xabarni ko‘rdingmi?», desa, «Ha, buni o‘zim allaqachon tarqatib bo‘lganman, men buni muallifiman», deb maqtanadiganlar bor.

Mana azizlar, munkar ishlardan qaytarishlik bizlarda yo‘q bo‘lib bormoqda. Bir-birlarimizni yomonliklardan, gunohu ma'siyatlardan qaytarishimiz kerak. Shunda inshaalloh jamiyat gunohu ma'siyatlardan poklanadi.

Tilga taalluqli bo‘lgan jinoyatlarga ko‘pchilik e'tibor bermaydi, g‘iybat qilib turilgan bo‘lsa, hech kim parvo qilmaydi, yolg‘on gapirib turilgan bo‘lsa, burniga pashsha qo‘nganchalik bezovta bo‘lmaydi. «Shu ishingiz yaxshimi?!», desangiz, xijolat ham bo‘lmaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yoki jim tursin», dedilar».
To‘rtovlari rivoyat qilishgan.

Yaxshi gapni aytishlik hozir anqoning urug‘i, jim turishlik esa, undan ham kamyob bo‘lib qoldi. Chunki hozirgi muhitda jim turgan inson ojiz hisoblanadi, u ilmsiz sifatida qabul qilinadi, u go‘yoki landovur bo‘ladi, qo‘lidan bir ish kelmaydigan inson sifatida gavdalanadi. Shuning uchun jim turmaslik kerak, o‘zi bilsa-yu bilmasa suhbatga aralashish kerak. Unga umuman tegishli bo‘lgan masala emas, uning sohasi emas, uni umuman qiziqtirmaydigan bir narsa, ammo albatta qo‘shilishi kerak, o‘sha suhbatga aralashib o‘zini ham shu sohada qandaydir bilimdon ekanligini ko‘rsatish kerakligini tasavvur qiladi va shunga harakat qiladi.

O‘zi bilmagan masala bo‘lsa ham, «Bu sohani ham biladi», degan gap uchun, yolg‘on gapirib bo‘lsa ham, to‘qima bo‘lsa ham aralashadi, tuhmat bo‘lsa ham aralashadi. Vaholanki, jim turgan, sukut saqlagan inson doimo najot topadi.

Avvalgi ulug‘larimizning sukuti doimo tafakkur bo‘lgan, so‘zlari esa zikr va ibodat bo‘lgan. Ular gapirsalar ham foyda olishgan, jimlik saqlasalar ham ibodat qilganlar. Bu esa, dunyoning ham, oxiratning ham manfaatiga hech qachon zarar keltirmaydi. Ular deyarli gunoh sodir etmaydigan ulug‘ maqomga, ulug‘ martabaga yetishgan insonlar bo‘lgan. Shuning uchun ular tirikliklaridayoq jannatni kasb etib, uni naqd qilib, jannatdagi maqomlari, egallashlari kerak bo‘lgan o‘rinlari, qaysi darajada turishlari, jannatda kim bilan qo‘shni bo‘lishi, kim bilan hamsuhbat bo‘lishligi ma'lum bo‘lgan. Chunki ular tillarini ham, boshqa a'zolarini ham saqlaganliklari sababli, buning mukofotini hayotliklaridayoq olib bo‘lishgan.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Albatta, menga eng yomon ko‘rinadiganingiz va qiyomat kuni mendan eng uzoq bo‘ladiganingiz ko‘p gapiradiganingiz, og‘zini to‘ldirib gapiradiganingiz va mutakabbirlik uchun gapiradiganingiz», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.

Mana bular ham tilga tegishli bo‘lgan illat bo‘lib, insonni jahannamga olib boradigan gunohu ma'siyatdir.

E'tibor bering: «Menga eng yomon ko‘rinadiganingiz», deyilmoqda. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yomon ko‘ringan ummat kim bo‘ladi? Ular najot topa oladimi? Albatta topolmaydi!
Yana: «Qiyomat kunida mendan eng uzoq bo‘ladiganingiz», dedilar. Qiyomat kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan uzoqda turishlik, haqiqiy badbaxtlikning alomatidir. Kim ekan u badbaxt? Birinchisi - ko‘p gapiradigan inson, ikkinchisi - og‘zini to‘ldirib gapiradigan inson, uchinchisi - mutakabbirlik uchun gapiradigan insondir. Bularning barchasi tilga taalluqli bo‘lgan illatlardir.

Shuning uchun azizlar, til ofatlaridan o‘ta ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak ekan. Tilning suyagi yo‘q, nimani xohlasangiz gapirib yuboraveradi. Lekin buning uchun javobgarlik, mas'uliyat bor, ertaga hisob-kitobi bor.

Yengilgina bir harakat bilan chiqib ketgan so‘z insonni jahannamga olib kirishlikka kifoya qilishi mumkin.

Bittagina so‘z bilan oila barbod bo‘ladi, oraga taloq tushadi, qancha-qancha bolalar yetim bo‘ladi.

Bittagina so‘z bilan inson kofirga chiqariladi va o‘limga mahkum qilinadi.

Bittagina so‘z bilan butun boshli bir qavm yoki bir yurt qirib yuborilishi mumkin.

Bularning barchasi tilning illatidan kelib chiqadi.

Shu bois ko‘p gapirish, og‘izni to‘ldirib gapirish, kibru havo uchun gapirish biz uchun obro‘ bo‘lmasin. Ko‘p gapiradigan odam ko‘p biladi, deb o‘ylamasligimiz kerak. Og‘izni to‘ldirib gapiradigan odamni – so‘zga o‘ta usta, nihoyatda yaxshi gapiradi, ta'sirli gapiradi, deb o‘ylamasligimiz kerak. Balki, u nimani gapirmoqda, nima uchun gapirmoqda, niyati, maqsadi nima – shunga qarab turib uning so‘zi e'tiborga olinishi lozim. Aks holda, uning so‘zlari o‘zining va atrofidagilarning zarari uchun chiqqan bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Mo‘minning tili qalbida. Agar biror narsani gapirishni xohlasa, qalbi bilan o‘ylaydi, so‘ng tiliga chiqaradi. Munofiqning tili esa qalbidan tashqarida, xayoliga kelgan narsani tiliga chiqaradi, qalbi bilan o‘ylamaydi», dedilar. (Xaroitiy rivoyati, Imom G‘azzoliy «Til ofatlari»).

Mana azizlar, mo‘min kishi tezlik bilan javob berishga shoshilmaydi, gapirishga umuman qiziqmaydi, gapiradigan bo‘lsa, o‘ylab turib, xalqimizning: «Yetti o‘lchab bir kes», degan maqoliga monand, agar manfaatli so‘z bo‘lsagina gapiradi. Barcha narsani hisob-kitobini qilib turib, undan keyin gapiradi. Ana shunda manfaatli bo‘ladi.

Munofiqchi? Avval gapirib qo‘yadi, keyin esa, aytgan so‘zi haqida o‘ylashni boshlaydi (agar nasib qilsa), bo‘lmasa uni o‘ylab ham o‘tirmaydi, gapirishda davom etib ketaveradi. Chunki uning tili qalbidan tashqarida turadi.

Mo‘minning tili esa, qalbining ichida turadi, qalbining hukmiga e'tibor beradi. Qalb bir narsani hal qilsa, bir narsaning yechimini topsa, undan keyin til uni izhor qiladi. Mo‘min aqli va qalbini ishlatmasdan turib, ular orqali biror bir hukmni joriy qilmasdan turib, uning tili umuman so‘zlamaydi. Bu mo‘minlarning buyuk sifatlaridan biridir. Barchamiz, inshaalloh, ana shunday mo‘minlardan bo‘lishimiz lozim.

Ishoqjon Begmatov

«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi

Mavzuga oid