Sindzo Abe siyosatni tanlashiga nima sabab bo‘lganini oshkor qildi
Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe TASS bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Mixail Gusmanga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Yamaguti prefekturasi va Tokioga tashrifi yakunlari bo‘yicha eksklyuziv intervyu berdi.
Unda Abe siyosatni tanlashiga nima sabab bo‘lgani haqida so‘zlab berdi. Ma'lum bo‘lishicha, uning siyosatchi bo‘lishiga otasining ikki mamlakat o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini yo‘lga qo‘yish istagi sabab bo‘lgan.
"Men o‘z bobomdan (sobiq bosh vazir Nobusuke Kisi) sen to‘g‘ri deb hisoblagan siyosat haqida gap ketganda, uni, hatto hayoting uchun xavf tug‘ilsa ham, qat'iy olib borish kerakligini o‘rganganman. Otam (sobiq TIV rahbari Sintaro Abe) esa biror bir muammoni hal qilayotganda unga samimiy va jiddiy yondashish kerakligini uqtirgan", - deya ta'kidladi Abe.
Uning hikoya qilishicha, otasi "Mayniti" gazetasining muxbiri bo‘lgan va u 1956 yilda yapon-sovet Qo‘shma deklaratsiyasi imzolanishi haqida birinchi bo‘lib xabar bergan. "Shu bois otam uchun yapon-sovet tinchlik muzokarasining imzolanishi hayotiy muhim ahamiyat kasb etgan, - dedi Abe. - Mazkur maqolaning paydo bo‘lishi u uchun jurnalist sifatidagi bosh mukofot bo‘ldi".
"1990 yilda, hayotining so‘nggi yillarida u kasallikni yengib o‘tib, Sovet Ittifoqiga borgan va u yerdagi rahbarning bu masalani tinchlik yo‘li bilan hal qilish borasidagi va'dasiga erishgan. Bundan tashqari, u o‘sha vaqtdagi prezident Mixail Gorbachyovga sakura gullagan paytda Yaponiyaga kelishni taklif qilgan. Aprel oyida Gorbachyov Yaponiyaga tashrif buyurgan. Biroq bu vaqtga kelib, otamning ahvoli og‘irlashgan va u shifoxonaga tushib qolgan. Shunga qaramay, u hamkori tomonidan va'daning bajarilishiga munosib javob qaytarish muhim deb hisoblab, vaqtinchalik shifoxonani tark etgan va uchrashuvga borgan", - deya xotirlaydi bosh vazir.
"Otam aynan o‘sha oy hayotdan ko‘z yumdi. Men uning o‘z hayotini garovga qo‘yib bo‘lsa-da, zimmasiga yuklatilgan yapon-sovet munosabatlari muammosini hal qilishga bo‘lgan qat'iy istagining guvohi bo‘lganman. Shundan keyin siyosat olamiga qadam qo‘yib, otamning ishlarini davom ettirishga qaror qilganman", - deya o‘z so‘zlariga yakun yasadi Abe.
Mavzuga oid
12:13 / 25.12.2024
“O‘zbekistondagi nosvoylardan 10 xil zaharli modda aniqladik” - Yaponiyadagi o‘zbek olimi yangi tadqiqoti haqida
20:50 / 23.12.2024
Yaponiyada sun’iy gravitatsiyaga ega Oy majmuasi prototipi quriladi
20:28 / 23.12.2024
Honda va Nissan birlashmoqda. Ular dunyodagi eng yirik uchinchi avtomobil ishlab chiqaruvchiga aylanadi
18:22 / 22.12.2024