Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyada rossiyalik elchining o‘ldirilishi yuzasidan 13 kishi qo‘lga olindi
Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlovning o‘ldirilishi yuzasidan o‘tkazilayotgan surishtiruv ishlari davomida 13 kishi hibsga olindi. Bu haqda Haber 7 telekanali xabar bergan.
Uning ma'lumotlariga ko‘ra, hujum qilgan Mevlud Mert Oltintosh tug‘ilgan Oydin viloyatida olti kishi qo‘lga olingan. Ular uning otasi, onasi, singlisi va boshqa qarindoshlari ekani aytilmoqda. Izmirda ham olti nafar fuqaro hibsga olindi. Shuningdek, Anqarada advokat qo‘lga olingan. Uning uyida qotil bir muddat yashagani xabar qilindi.
Ushbu shaxslardan ba'zilari xavfsizlik Boshqarmasiga ko‘rsatma berish uchun olib ketilgan. Boshqalar esa poytaxtga politsiya hamrohligida keyinroq olib kelinadi.
Eslatib o‘tamiz, RF elchisi Anqaradagi fotoko‘rgazma ochilishi vaqtida otib o‘ldirildi. Turk hukumati xabariga ko‘ra, hujum qilgan shaxs politsiyachi bo‘lib, mahalliy xavfsizlik kuchlari tomonidan yo‘q qilingan. Rossiya tashqi ishlar vazirligi hodisani terakt deb atadi.