Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryoda xotinini pichoqlagan erkak 12 yilga qamaldi
Zeboxon (jabrlanuvchilarning ism-familiyalari o‘zgartirilgan) tushlikka chiqish oldidan ishxonasidagi narsalarni tartibga keltirish bilan ovora edi. Shu sababli tashqarida bo‘layotgan “g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘irga” ahamiyat bermadi, deb yozmoqda “Huquq” nashri.
Kutilmaganda xonasining eshigi ochildi. Lahza o‘tmay, eshik oldida paydo bo‘lgan eriga ko‘zi tushdi-yu, tanasiga ilon o‘rmalagandek bo‘ldi. Erining g‘azabnok yuzini, qontalash ko‘zlarini ko‘rib, ko‘ngli bir yomonlikni tuydi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zini qo‘lga olib, eridan nima gapligini so‘radi. Bunga javoban eri qo‘ynidan pichoq chiqardi. Zeboxon uning vajohatini ko‘rib, qo‘rquvdan nima qilarini bilmay, xonadan qochishga chora izladi. Buning iloji yo‘q edi. Pichoq unga yo‘naldi. Zeboxon chap berishga harakat qildi. Ammo o‘tkir tig‘ qo‘lini kesib yubordi. U og‘riqning zo‘ridan ingraganicha, bu safar yuragiga berilayotgan zarbadan qochishga urindi. Biroq ayolning kuchi erkakka yetarmidi?... Insoniylikni, rahm-shafqatni unutgan er ayovsiz tig‘ sancha boshladi. Xotini ovozining boricha yordam so‘rab baqirdi. Shunda kimdir erining qo‘liga tepib, pichoqni tortib oldi. Ayol jon holatda eshik tomon talpindi. Ust-boshi qonga bo‘yalgan, tobora holsizlanib borayotgan Zeboxonni shifoxonaga yetkazishdi...
Zeboxon yakkabog‘lik Spartak Ibragimovga turmushga chiqayotganida, barcha qizlar kabi baxtli hayotni orzu qilgandi. Erining mehridan, muhabbatidan orzumand bo‘lgandi. Shu sababli astoydil mehnat qildi. Spartak esa ayolidagi itoatni ojizlik deya tushunib, uni tinimsiz kaltaklab, sha'nini toptashdan to‘xtamasdi. Yangi kelinchakning yuz-ko‘zlari tez-tez momataloq bo‘lib tursa-da, bechora oilasini saqlab qolish uchun birovga indamasdi.
Zeboxon farzandli bo‘lgach, erining quyulishidan, insofga kelishidan umidvor bo‘ldi. Biroq johil er uchun farzandning ham qadri yo‘q edi. Yillar o‘tib, oilada uchinchi farzand dunyoga keldi. Spartak esa oila mas'uliyatini, otalik burchini his etmadi, o‘sib kelayotgan bolalarining ko‘z o‘ngida johilligini namoyish qilishdan zarracha or qilmadi. Bu orada avtohalokatga uchrab, bir oyog‘idan ajraldi.
Zeboxon erining omon qolganiga suyunib, uning ko‘nglini olishga urindi. Ammo eri xotinining mehribonchiligidan shubhaga tushib, asossiz rashk qiladigan odat chiqardi. “Xotinim Baxtiyor bilan don olishib yuradi”, degan o‘y miyasiga o‘rnashib qoldi. Shu sabab xotiniga “Bir kuni baribir seni o‘ldiraman”, deya tahdid qiladigan bo‘ldi.
“Sabrning ham chegarasi bor”, deyishadi. Zeboxon ortiq bu ahvolda yashay olmasligini tushunib, ajrashish maqsadida sudga murojaat qildi. Sud ularga yarashish uchun muddat belgiladi. Zeboxonning bu “tashabbusi” Spartak uchun kutilmagan zarba bo‘ldi. Bu vaziyat ko‘nglidagi gumonlarning isbotidek tuyuldi.
“Ha, uning jazmani bor! Shuning uchun ajrashmoqchi. Bunga qaynota-qaynonam sababchi. Shular xotinimni yo‘ldan ozdirgan!”. U shuurida kechayotgan ana shunday o‘ylar iskanjasida qoldi.
Shu yilning may oylari edi. Spartak “shisha”ni bo‘shatganida qosh qoraya boshlagandi. Gandiraklab uyiga keldi. Huvillagan hovliga kirgach, xotini va bolalari ketib qolganligi yodiga tushdi. Mast emasmi, yana qalbini shubha-gumonlar yemira boshladi. Hozir boradi-yu, ayolini xiyonat ustida ushlab oladi. Ana shu o‘y bilan oshxonaga kirib pichoqni oldi. Uni qo‘yniga yashirib, qaynotasining uyi tomon yo‘lga tushdi. Uyda qaynog‘asining xotinidan boshqa hech kim yo‘q edi. Spartak undan xotini va uydagilar mehmonga ketishganini bilgach, ularning qaytishini kutishga qaror qildi.
Biroz vaqt o‘tib qaynona-qaynotasi kelishdi.
- Xotinim qani? – Spartak g‘udranib, qaynotasiga g‘azabnok tikildi.
Kuyovining ahvolini ko‘rib, avvaliga Qosim akaning jahli chiqdi. Qiziga yetkazgan sitamlari uchun alamini olmoqchi bo‘ldi-yu, shaytonga hay berdi.
- Hozir mast ekansiz, ertaga hushyor holda keling, bafurja gaplashamiz, - dedi muloyimlik bilan.
Spartak ketmoqchi bo‘lib darvoza tomon yurdi. Biroq yuragidagi gumonlar, qolaversa, qaynotasining gapi unga haqoratdek tuyulib, ilkis ortiga burildi. Qo‘ynidan pichoqni olib, unga tashlandi. Qosim aka jon holatda darvozani yopdi. Spartak og‘ziga kelganini qaytarmay baqirib, so‘kina boshladi. Darvoza tirqishiga yaqin kelib, “Ertaga baribir qizingni o‘ldiraman, o‘ldira olmasam otimni boshqa qo‘yaman”, deganicha qaynotasining uyidan uzoqlashdi.
Zeboxon bo‘lib o‘tgan voqealardan ertasi kuni xabardor bo‘ldi. U opasining uyida yotib qolgandi. Erining fe'lini bilgani uchun xavotirga tushsa-da, qizini yetaklab ko‘chaga chiqdi. Yo‘lda erini ko‘rdi. Uning vajohatidan qo‘rqib, qadamini tezlatdi. Spartak bir oyoqda xotinini quvib yeta olmasdi. Shu bois yo‘lovchilardan biridan uni to‘xtatishni so‘radi. Zeboxon yaqinlashib qolgan eriga alam bilan tikildi.
- Uyga qachon borasan? – so‘radi eri hukmnamo ohangda.
- Uyingiz bo‘lmasa qayerga boraman?
Spartak xotinidan bunaqa ohangdagi gapni hech qachon eshitmagandi. Ayolining bu dadilligi uning qonini qaynatdi. Qo‘ynidan pichoqni olib, xotiniga otdi. Oradagi masofa uzoq bo‘lgani tufayli pichoq mo‘ljalga tegmadi. Zeboxon indamadi, eriga achinish bilan bir tikilib, yo‘lida davom etdi. Qizini maktabda qoldirdi, keyin ishxonasiga o‘tdi.
Bu holatdan so‘ng Spartak o‘zini ojiz his etib, nima qilishini bilmay turdi. So‘ngra bozor tomonga yurib, tamaddixonalardan biriga kirdi. U yerdan chiqqach, xotinining ishxonasiga borishga qaror qildi. Zeboxon ishlaydigan korxonaga borgan johil va badgumon er kutilmaganda qo‘ynidan pichoq chiqarib, xotiniga tashlandi. Korxona xodimlari vaqtida yordamga yetib kelishmaganida ayolning qismati ayanchli yakun topgan bo‘lardi. Olib borilgan tezkor muolajalar tufayli Zeboxonning hayoti saqlab qolindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi asossiz rashk, shubha-gumonlar va johillik tufayli xotinining joniga qasd qilishga uringan Spartak Ibragimovga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishi jazosini tayinladi.
Mavzuga oid
13:30 / 16.06.2026
Toshkentda maktab o‘quvchilari ishtirokidagi jinoiy guruh ushlandi
22:01 / 13.06.2026
Qashqadaryoda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish holatlari fosh etildi
15:20 / 13.06.2026
Eski sandiqdan topilgan britancha surat: Dulsi xonim izlagan Boqijon Akramov Buxoro va Qashqadaryodan topildi
20:25 / 10.06.2026