Jahon | 19:17 / 22.12.2016
15100
3 daqiqa o‘qiladi

Suriyalik yetti yoshli qizaloq: Hammasidan ham ko‘proq o‘limdan qo‘rqqanman

Foto: aa.com.tr

Yetti yoshli suriyalik qizaloq Bana al-Obodning AA muxbiriga bergan intervyusida hammasidan ham ko‘proq o‘limdan qo‘rqqani haqida ma'lum qildi. U Turkiya prezidenti Rejyep Toyyib Erdo‘g‘an bilan Anqaradagi prezident majmuasida uchrashgan so‘ng Twitter ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan izohlari sabab mashhur bo‘lib ketdi.

Bananing so‘zlariga ko‘ra, ularning Halabning sharqiy tumanida joylashgan uyi bombalar sabab vayronaga aylangan.

«Bombalar deyarli har bir daqiqada tashlanardi. Hammasidan ham ko‘proq o‘limdan qo‘rqqanman. Hattoki tushimda ham o‘lib qolganimni ko‘rgandim», - deb eslaydi suriyalik qizaloq.

«Xavfsiz joyga ko‘chirishlarini kutish jarayonida onamiz bizga ehtiyot bo‘lishimizni uqtirdi. Men bo‘yinbog‘ kiyib, berkinib oldim. Meni hech kim topa olmadi», - degan qizcha.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oilasi faqatgina guruch va makaronlar bilan kun kechirishga majbur bo‘lgan.

«Men esa har doim mevalarni xohlardim», - deya tan oldi Bana.

Uning aytishiga ko‘ra, Turkiya prezidenti oila a'zolarini qabul qilganidan juda ham xursand bo‘lgan va barcha turk xalqiga ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirdi.

Shu bilan bir qatorda, u vataniga qaytishni istayotganini ham yashirmagan.

«Men Halabga qaytishni, u yerda maktabga qatnashni xohlayman. Katta bo‘lganimda o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilaman. Biroq Halabda maktablarning o‘zi qolmadi», - deydi Bana. 

Ma'lumot uchun, Halab sharqidagi Kotirji mavzesida onasi bilan birga yashagan qizaloq uch oy avval Twitter’da blog yuritishni boshladi. Unda esa jahon hamjamiyatini shaharda qon to‘kilishini to‘xtatishga chaqirdi.

Qizchaning onasi Fotima esa uchinchi dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘liga murojaat qilib, Halab aholisiga yordam berishni so‘radi. Vazir esa o‘z o‘rnida Turkiya buning uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshirishini va'da qilgan.

Mavzuga oid